locale OZ

“Navbahor”ni transfer bo‘yicha ikki jiddiy muammo kutib turibdi — UzPFL

Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
“Navbahor”ni transfer bo‘yicha ikki jiddiy muammo kutib turibdi — UzPFL
Photo: UzPFL

Yozgi transfer oynasi yopilishiga 9 kun vaqt qoldi. 30 iyul sanasi tugashi bilan Liga musobaqalarida ishtirok etayotgan klublar uchun futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi to‘xtatiladi. Ayni vaqtda barcha klublar Liga bilan o‘zaro shartnomalarni muvofiqlashtirish ustida ish olib bormoqda. “Navbahor” klubi esa nafaqat ushbu masala yuzasidan kechikmoqda, balki ikki muhim muammo bilan ham yuzma-yuz kelgan. Bu haqda UzPFL matbuot xizmati xabar berdi.

Birinchidan, “Navbahor” yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish huquqiga ega emas. FIFA sobiq futbolchi Giorgi Nikabadzening da’vosini qanoatlantirgan bo‘lib, klub unga bo‘lgan qarzdorligini to‘lamaguncha, transfer taqiqi joriy etilgan.

Ikkinchidan, joriy yilgi qishki transfer oynasida “Navbahor” Jamshid Iskanderov, Farruh Sayfiyev va Jamshid Boltaboyev oldidagi qarzlarni to‘lashi lozim edi. Keyinchalik O‘zbekiston futbolchilari uyushmasi (OFU) hamda futbolchilar bilan qarzdorlikni bosqichma-bosqich bartaraf qilishga doir hujjat imzolangan. Biroq OFU 19 iyul kuni Ligaga va OFAga yuborgan xatda klub ushbu kelishuvlarga amal qilmayotganini bildirgan. Shuningdek, bu kabi holatlar takrorlangani sabab, Uyushma FIFA nizomlariga tayanib “Navbahor”dan 6 ochkoni olib tashlash talabini ilgari surgan.

UzPFLning ma’lum qilishicha, yozgi transfer oynasi davomida “Navbahor” bir necha yangi futbolchini o‘z safiga qo‘shib olgan. Biroq ularni ro‘yxatdan o‘tkazish masalasi hozircha ochiq qolmoqda. Klub avvalo FIFA taqiqini bekor qilishi, keyin esa OFU bilan tuzilgan kelishuvlarga rioya qilishi hamda Liga oldidagi majburiyatlarini bajarmog‘i zarur.

Ma’lumot uchun, 26 va 27 iyul sanalari ish kuni hisoblanmaydi. Bu esa “Navbahor”da vaziyatni hal etish uchun atigi 7 ish kuni qolgani degani.

“Navbahor” joriy mavsumda barqaror natijalar qayd etmoqda va klub siyosati yildan-yilga ijobiy tomonga o‘zgarib bormoqda. Shunday ekan, yuqoridagi masalalar qisqa vaqt ichida hal etilishiga umid bildiramiz, deya qo‘shimcha qildi O‘zbekiston Professional futbol ligasi.

Bahrom Bobonov
Bahrom Bobonov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting