locale OZ

Muhammadali Usmonov: «Menga ishonch bildirishyapti va bu ishonch albatta oqlanadi»

Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Muhammadali Usmonov: “Menga ishonch bildirishyapti va bu ishonch albatta oqlanadi”
Photo: Andijan PFK

"Andijon" klubi yozgi transfer oynasida tarkibiga bir qator yangi futbolchilarni qo‘shib olayotganidan xabaringiz bor.

"Burgutlar" safiga qo‘shilgan yangi o‘yinchilar orasida iqtidorli hujumkor yarim himoyachi Muhammadali Usmonov ham bor. "Paxtakor"da to‘p surgan asli andijonlik yigit o‘z uyiga qaytdi va endi "Andijon" sharafini himoya qiladi.

Usmonov "Andijon" matbuot xizmatiga intervyu berar ekan, bir qator savollarga javob qaytardi.

- Muhammadali, ikkinchi davradan faoliyatingizda yangi sahifa ochilmoqda. Bunday yangi chaqiriqqa qay darajada tayyor edingiz?

- Barcha andijonliklarga, futbol muxlislariga, "Ultras Burgut" a'zolari, hamma-hammaga assalomu alaykum. Nasib qilsa, ikkinchi davradan faoliyatimda yangi sahifa ochiladi. "Andijon" klubiga, murabbiylar shtabiga chaqirib, ishonch bildirganlari uchun katta rahmat. Albatta, chaqiriqqa tayyor edim. Chunki o‘zingiz bilganingizdek, o‘yin amaliyotisiz qolgan edim. Shu sababli ketishim kerak edi. Ketishimni oldindan bilardim. Men o‘ynashni istayotgandim. Xudo xohlasa, "Andijon"da ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lib, o‘zimni ko‘rsatib, sog‘lom raqobat qila olishga harakat qilaman.

- "Andijon" bilan Tojikiston yig‘inida qatnashdingiz. Qanday taassurotlar qoldi?

- Albatta, jamoa bilan Tojikistondagi yig‘inda bo‘ldim. Kuniga ikki mahaldan mashg‘ulotlar o‘tkazdik. Jamoa a'zolarimga rahmat, hammasi iliq kutib olib, yaxshi qarshi olishdi. Hammalari bilan juda yaxshi chiqishib ketdim.

- Yangi jamoada 99-raqamni tanladingiz. Bu siz yoqtirgan raqamingizmi?

- Raqam masalasiga kelsak, yoqtirgan raqamlarim orasida bu ham bor. Shu sababli 99 ni tanladim. Avvalo, raqam o‘yinchini emas, o‘yinchi raqamni bezab turadi. Xudo xohlasa, yaxshi o‘yinlar ko‘rsatsak, 99-raqam yanada chiroyli ko‘rinadi.

- Muxlislar sizni quvonch bilan kutib olishdi va barcha yangi o‘yinchilar qatori sizdan ham umidlari katta. Ularning qo‘llab-quvvatlashi sizga qo‘shimcha motivatsiya bag‘ishlayaptimi?

- Muxlislarning bunday iliq kutib olishi o‘zim uchun ham boshqacha quvonch va baxt bag‘ishladi. Chunki har bir futbolchining orzusi muxlislarning qalbidan joy olish. Menga ishonch bildirishyapti va Xudo xohlasa, bu ishonch albatta oqlanadi.

- Ikkinchi davrada oldingizga qo‘ygan vazifangiz qanday?

- Ikkinchi davrada oldimga qo‘ygan vazifam – chiroyli o‘yinlar va gollarim bilan muxlislarni quvontirib, jamoamga yordam berish. Osiyo Chempionlar ligasida ham ijobiy natijalarga erishish vazifamiz hisoblanadi.

- O‘z uyingizga qaytdingiz va qachondir bu holat yuz berishi kerak edi. "Paxtakor"dan "Andijon"ga o‘tishingizni qanday izohlagan bo‘lardingiz?

- Men uyimga qaytdim. Inson o‘z uyida qanchalik erkin bo‘lishini bilasiz. Nasib qilsa, bunday erkinlik bilan yanada kuchliroq bo‘lib, biz barchasini albatta uddalaymiz. Muxlislarimizga rahmat. Bizni qo‘llab-quvvatlab tursalar, biz albatta vazifani bajaramiz, olg‘a, "Andijon"!

Bahrom Bobonov
Bahrom Bobonov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting