Mirjalol Qosimov: \"Bugun omad yuz foiz 'Navbahor' tomonida bo‘ldi\"
O‘zbekiston Superligasining 13-turidan o‘rin olgan "Navbahor" – OKMK uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining birinchi qismida olmalikliklar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov ishtirok etib, jurnalistlarning savollariga javob berdi.
Mehmonlar ustozi odatdagidek, o‘z so‘zini bellashuv borasidagi fikrlari bilan boshladi.
— O‘yin bobida yomon harakat qilganimiz yo‘q. Futbolda shunaqa, ba’zan mayda detallar ham ko‘p narsani hal qilib ketadi. Uchrashuv boshida o‘z darvozamizdan tezkor to‘p o‘tkazib yubordik, keyinchalik birinchi bo‘lim yarmidan o‘tib, yana mezbonlar gol urishdi va har ikkala gol biz uchun tushunarsiz bo‘ldi. Bu esa raqib jamoaga qo‘l keldi. "Neftchi" bilan o‘z maydonimizda kechgan bahsda ham darvozamizdan tushunarsiz to‘p o‘tkazib yuborgandik. Bizda vaziyatni o‘nglash uchun vaqt bor edi. Masalan, 60-daqiqada Datsi gol urganda, o‘yin tizgini o‘zgarib ketishi mumkin edi.
Nimayam derdim, "Navbahor"ni g‘alaba bilan tabriklayman. FIFA kunlari jamoamiz foydasiga ishlamadi. Hali hammasi oldinda, to‘g‘ri xulosa chiqarib, keyingi o‘yinga tayyorgarlik ko‘ramiz.
— OKMK jamoasining markaziy himoyachisi Sardor Rahmonov jamoadan ketishi nima bilan bog‘liq?
— Hech narsa bilan bog‘liq emas. Sardor bizga ko‘p yillar yordam berdi. Lekin futbolda har bir narsaning boshi bo‘lgani kabi, oxiri ham bor. Rahmonov biz bilan iliq xayrlashib ketdi, bir-birimizga omad tiladik. Bugungi uchrashuv va mag‘lubiyatga Sardorning hech qanday aloqasi yo‘q.
— Bilamizki, jamoangiz ko‘p o‘yinlarda kambek amalga oshirdi. Bugun 2:0 hisobidan keyin ham vaziyatdan chiqib ketsa bo‘larmidi hamda bunga nima yetishmadi?
— Yana kambek qilishimiz uchun gol yetishmadi. Aytiib o‘tganimdek, agar 60-daqiqada gol urganda hammasi boshqacha bo‘lardi. Qulay vaziyatdan foydalana olmaslik futbolchilarning asabiylashishiga sabab bo‘ladi. Bugungi o‘yinda ham shunday bo‘ldi.
— O‘tgan bahsdagi natija (OKMK – "Sho‘rtan" — 0:0) bugungi uchrashuvga ta’sir qildimi?
— Hech qanday ta’sir qilgani yo‘q va bugungi o‘yinga aloqasi ham yo‘q. Chunki bir bellashuv boshqasiga ta’sir qila versa, umuman futbol o‘ynab bo‘lmaydi. Bugun yutqazdik. Buni tezroq unutib, 25 iyun kuni bo‘ladigan O‘zbekiston kubogi doirasidagi bahsga hozirlashimiz kerak. Biz har bir uchrashuvga yutuqni maqsad qilib chiqamiz. "Navbahor" tezkor gol urgach, tempni tushirishga, biz esa aksincha, ko‘tarishga harakat qildik.
— "Navbahor"ni qanchalik o‘rgangan edingiz?
— Biz har bir raqibni o‘rganib boramiz, lekin maydonda umuman boshqa narsa tus olishi mumkin. "Navbahor"da Jiyanov, Odilov, Ubaydullaev kabi vaziyat yarata oladigan yaxshi futbolchilar bor. Bugun omad yuz foiz "Navbahor" tomonida bo‘ldi, deb bemalol ayta olaman.
— Jamoangiz 4 ta turdan buyon g‘alaba qozona olmayapti. Buning sabablari nimada deb o‘ylaysiz?
— Endi har turda kambek qilishning iloji yo‘q. O‘tgan o‘yinda "Sho‘rtan" bilan ham vaziyatlar bo‘lgandi. Gol urmasang, yutmaysan.
— Mavsum boshidagi uchrashuvlarda OKMK o‘yindan tashqari holat chizig‘ini juda yaxshi ushlab kelayotgan edi. Masalan, "Bunyodkor"ga qarshi kechgan bahsda ham shu narsa ko‘ringan edi. Lekin qarshi hujumlarda jamoangizda muammolar borligi ko‘zga tashlanmoqda...
— Buni doim ta’kidlab kelamiz. Bitta maqol bor-ku, ko‘rpani o‘zingga tortsang, narigi tomoni ochilib qoladi. Bu bilan nima demoqchiman, jamoa hujumga chiqsa, himoyada bo‘shliqlar yuzaga keladi. Darvozabon yakka o‘zi qolib ketishi mumkin. Futbolda har doim hamma joyni to‘ldirish mushkul, baribir qayerdir ochiq qoladi. Shunaqa paytda kimdir foydalanib ketishi mumkin.
"Nasaf" bilan ham 1:1 hisobi qayd etilayotganida, faqat yutuqni ko‘zlab turgandik. Lekin yo‘q joydan Shuhrat Muhammadiev to‘pni oldinga tepib yubordi, darvozabonimiz bilan himoyachimiz bir-birini tushunmay qoldi, bundan esa Cheran unumli foydalanib ketdi. Futbol shunisi bilan qiziq. Biz ochiq futbol o‘ynaymiz, muxlislarimizga ham katta rahmat, shuncha masofa bosib, Namanganga kelib, bizni qo‘llab turishdi.