«Milan» olti oʻyindan beri «Inter»ga yutqazmayapti
Italiya chempionatining 12-turidan o‘rin olgan tarixiy «Derbi della Madonnina»da «Milan» minimal hisobda «Inter» ustidan g‘alaba qozondi. Shu tariqa, «rossonerilar» o‘z hamshahariga qarshi ketma-ket oltita o‘yindan beri mag‘lub bo‘lmayapti.
So‘nggi oltita to‘qnashuvning to‘rttasida ustunlik «Milan» tomonida bo‘lib, yana ikki uchrashuv durang bilan yakunlangan. «Inter»ning qizil-qora jamoaga qarshi so‘nggi g‘alabasi 2023/24 yilgi mavsumning 33-turida qayd etilgan edi — o‘sha bahsda «neradzurrilar» 2:1 hisobida zafar quchgan.
Ushbu uchrashuvdan keyingi turnir jadvali holatiga ko‘ra, «Inter» 24 ochko bilan A Seriyaning to‘rtinchi pog‘onasida bormoqda. «Milan» esa 25 ochko bilan ikkinchi o‘rinda, peshqadam «Roma»dan atigi ikki ochkoga ortda qolmoqda.