locale OZ
locale OZ
Mehmon
Mehmon Izoh qoldirish uchun kiring yoki ro'yxatdan o'ting
Menyu

Maksim Shatskix: \"Ikkinchi davrada boshqacha shakllangan jamoa paydo bo‘ladi\"

Futbol 06 iyl 2025 da 02:35
Bahrom Bobonov
Bahrom Bobonov
Redaktor
Maksim Shatskix: "Ikkinchi davrada boshqacha shakllangan jamoa paydo bo‘ladi"
Photo: Andijan PFK

“Andijon” – “Bunyodkor” (0:2) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Maksim Shatskix ishtirok etdi.

- Ko‘p gapirishdan foyda yo‘q. Yomon o‘yin ko‘rsatdik. Uchrashuvdan avval qanday o‘ynash kerakligini tushuntirgandik. Afsuski, barchasi aksincha tus oldi. Futbolchilar ko‘rsatmalarimizni to‘liq bajara olishmadi. Tahlil qilamiz, o‘rganamiz. O‘yinchilarimizning ko‘p qismi bunday uchrashuvlarga tayyor emas. Yoshlarga ham birdaniga o‘ynab ketish oson emas. O‘yin tashkil qilish va yana bir qancha jihatlarda bizga vaqt kerakligi ko‘rinib turibdi. O‘yinni o‘zgartirishga qilgan urinshilarimiz ham ta’sir ko‘rsata olmadi. Doimgidek, asosiy muammolarimiz himoyada. Shu bilan birga yaxshi futbolchilarimiz ham bor. O‘ylaymanki, hammasi iziga tushib ketadi. Ikkinchi davrada boshqacha shakllangan jamoa paydo bo‘ladi, deb o‘ylayman. Uchrashuvda bir qator muammolarimiz ham ko‘rindi. Tegishli xulosalarni chiqaramiz.

- Maydon markazi raqibga berib qo‘yildi. “Bunyodkor”da bu pozitsiyada tajribali o‘yinchilar bor. Shohjahon Yo‘rqinboevni ikkinchi bo‘limda maydonga tushirsangiz bo‘lmasmidi?

- Mashg‘ulotlarda ishlashini, harakatini ko‘rib unga imkoniyat berishga qaror qildik. O‘rinbosarlar safida o‘ynayotgan edi va bugun asosiyda. Bizda boshqa variant ham yo‘q edi. Endi biroz tanaffus bo‘ladi va yig‘in tashkil qilamiz. Ana shunda o‘yinchilarning miyasini yanada shakllantiramiz. Jismoniy holat bo‘yicha bizda yaxshi. Futbol bugungi kunda aql bilan o‘ynaladigan o‘yin. Kim yaxshi, tez va aqlli fikrlasa, o‘sha bugungi futbolda g‘alaba qozonadi.

- Legioner Luka Uskokovich qaydnomaga kiritilmayapti. Unda jarohat yo‘q, nega o‘ynamayapti?

- Lukada jarohat bor, u davolanmoqda. Superkubokda jarohat olgandi. Shundan beri o‘ynamadi. Jarohatidan qutulish uchun harakat qilmoqda. Tiklanishiga oz qoldi va safimizga qaytadi. Markaziy himoyada himoyachi bo‘lmagan Ismonaliev, Azimov kabi futbolchilar boshqa pozitsiyalarda o‘ynashga majbur bo‘ldi. Afsuski, bizda boshqa variantlar yo‘q edi.

- Altin Kreziu nega zaxirada qolyapti?

- Kim qanday ishlasa, shunga yarasha o‘ynaydi. Bu haqida har kuni o‘yinchilarga aytaman va buni ular yaxshi bilishadi. Bu normal jarayon deb hisoblayman. Mashg‘ulotlarda borini berib mehnat qilish kerak. Boshqa yo‘l ham yo‘q.

- Ilhom Abdug‘aniyevni muxlislar bilan o‘rtasida yuz bergan holatga munosabatingiz

- Noto‘g‘ri qildi, men buni unga aytdim. Jarimaga tortiladi. Har qanday holatda ham haqorat qilganida javob qaytarmasliging kerak edi, xato qilding deb aytdim. To‘g‘risi, nima deb baqirishganini eshitmadim. Futbolchi maydonga tushdimi, o‘z ishini qilishi kerak. Murabbiy esa natijaga javob beradi. Boshqa narsaga e’tibor qaratmasligi lozim. U ham tribunadagi holatga e’tibor qaratmasligi kerak. Biz bu bo‘yicha gaplashib olamiz va tegishli xulosalarni chiqaramiz. Umid qilamanki, boshqa bunday holat bo‘lmaydi.

- Ikkinchi davrada “Paxtakor”dan Azmiddinov, Saidnurullaev va Usmonovning kelishi haqida gap-so‘zlar yuribdi. Bu qanchalik haqiqat?

- Usmonov va Saidnurullaev bizga o‘tadi. Azmiddinov masalasi katta savol. Uni jalb qilish oson bo‘lmaydi. Futbolchini yaxshi bilaman, bizga foydasi tegadi. Rahbariyat bilan uni ijaraga olish masalasini gaplashib ko‘ramiz. Rejalar bor va buni amalga oshirish uchun biroz vaqt kerak. O‘yinchilarni avvaldan bilaman, kreativ yigitlar.

- Birinchi davradan so‘ng hozirgi tarkibdan ham yana kimlardir jamoani tark etadimi?

- Albatta, bo‘lishi mumkin. Hozircha bu savolga javob bera olmayman. Futbolchi mehnat qilishi va o‘ynashi kerak. Yetarlicha tajribasi, amaliyoti bo‘lmagan futbolchini klubda olib qolishdan ma’no yo‘q.

Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting