locale OZ

Maksim Shatskix: «Bunday o'yinlarga ortiqcha gapirish shart emas»

Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Maksim Shatskix: «Bunday o'yinlarga ortiqcha gapirish shart emas»
Photo: Andijan PFK

O‘zbekiston Superligasining 18-turidan o‘rin olgan "Andijon" – "Navbahor" (0:1) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Maksim Shatskix ishtirok etdi.

- O‘yin haqidagi fikringiz?

- Durangga mos uchrashuv edi. Ba’zan shunaqasi bo‘lib turadi, raqib bir marta hujumga o‘tib, gol urib, g‘alaba qozonib ketadi. Bugun shunaqa o‘yin bo‘ldi. Biz ham ko‘p vaziyat yaratmadik. Lekin o‘yin borasida bugun yaxshiroq edik. Bu – futbol, mag‘lubiyat doim yoqimsiz. Yana takrorlayman, durangga mos bahs bo‘ldi. O‘yinni tahlil qilib, xatolarni o‘rganamiz.

- Bu mag‘lubiyatda o‘zingizni aybdor deb hisoblaysizmi?

- Albatta. Yana kim aybdor bo‘lishi mumkin? Jamoa yutqazsa, har doim murabbiy aybdor bo‘ladi. Balki noto‘g‘ri almashtirish qilgandirman. Balki tarkib tanlashda adashgandirman. Balki futbolchilarni ruhan tayyorlay olmagandirman. Lekin ikkinchi tomondan, bunday o‘yinlarga ortiqcha gapirish shart emas. Kuchli jamoalar bilan hamma o‘zini ruhan tayyorlay olishi kerak. Nima ham derdim, hayot davom etadi. Hatto yutganimizda ham durangga loyiq o‘yin bo‘ldi, derdim. Berkitadigan narsa yo‘q, men doim rost gapiraman. Bitta zarba, bitta gol. Bizda ham zarba bo‘ldi, lekin golga aylanmadi. Har kuni mashg‘ulotlarda zarbalarni golga aylantirish ustida ishlaymiz, ammo o‘yinga kelganda omad kelmayapti. Nima uchun shunday bo‘layotganini tushunmayman.

- Ikkinchi bo‘limda Kreziu Altinni maydonga tushirsa bo‘lmasmidi?

- Bir narsani hisobga oling, Kreziu Altin tayanch yarim himoyachisi. U orqaroqda o‘ynaydi. Biz esa hujumni kuchaytirish uchun oldinga futbolchi tashlashimiz kerak edi. G‘alaba uchun e’tiborni hujumga qaratdik. Shu bois, hujumkor yarim himoyachini maydonga tushirdik. Altin esa himoyaviy o‘yinchi. Shuning uchun uni bugun maydonga tushirishdan ma’no yo‘q edi.

- Saidnurullayev o‘rniga Islom Mamatkazin zaxiradan maydonga tushirildi...

- O‘yin oxirlariga kelib, "ikkinchi qavat"dagi kurashlar avj oldi. Bosh bilan yaxshi o‘ynagani uchun Mamatkazinni maydonga tushirdik. Balki standart vaziyatda foydasi tegib qolar, deb o‘yladik.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting