locale OZ

Maksim Shatskix: \"Andijon\"ning taklifi ustida uzoq o‘ylanmadim\"

Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Maksim Shatskix: "Andijon"ning taklifi ustida uzoq o‘ylanmadim"
Photo: Andijan PFC

Xabaringiz bor, kecha “Andijon” klubi bosh murabbiyi sifatida Maksim Shatskix rasman tanishtirildi. Bugundan jamoa yangi murabbiy qo‘li ostiga o‘tdi. Aytish kerakki, bu Shatskix uchun yangi chaqiriq.

Maksim Aleksandrovich “Andijon”ning taklifini qabul qilishi, qanday uslubni yoqtirishi, Osiyo Chempionlar ligasi 2 musobaqasi uchun rejalariga oid klub matbuot xizmatiga dastlabki fikrlarini bildirib o‘tdi:

“Menga “Andijon” FK rahbariyatidan taklif kelib tushdi. “Andijon”ning infratuzilmasini bilganim uchun taklif ustida uzoq o‘ylanib o‘tirmadim. Ayniqsa, ashaddiy muxlislar klubni qay darajada qo‘llab-quvvatlashidan xabardor bo‘lganim ham menga qo‘shimcha dalda bo‘ldi. Har uchrashuvda stadion muxlislar bilan to‘lishini bilaman. Axir, futbol avvalo ishqibozlar uchun o‘ynaladi. Shu jihatni men eng muhimi deb bilaman. Yuqorida aytib o‘tganingizdek, ha, bu men va murabbiylar shtabimiz a’zolari uchun yangi chorlov. Endi o‘zimizga bildirgan ishonch va mas’uliyatli vazifani bajarish uchun astoydil ishlaymiz. Rahbariyat va muxlislarni maksimal natijalarga erishish orqali mamnun qilishga harakat qilamiz. Ammo o‘z tamoyillarimiz va o‘yinga bo‘lgan qarashlarimizni jamoaga singdirish uchun vaqt kerak bo‘lishini ham aytib o‘tmoqchiman. Shunda o‘zimiz ko‘rishni xohlagan manzara yuzaga keladi. Yakunda mehnatimizning mahsulini ko‘ramiz, albatta. Biz faqat hujumkor futbol ko‘rsatamiz.

Hozircha OChL 2 musobaqasi uchun rejalar haqida gapirishga erta. Chunki turnir sentyabr oyida boshlanadi. Hozircha esa asosiy e’tiborni chempionat doirasidagi uchrashuvlarga qaratamiz. Tabiiyki, Chempionlar ligasiga ham aynan shu o‘yinlar orqali yetib boramiz.

Ikkita bahsni stadionning o‘zida tomosha qildim. Yetarli mahoratga ega o‘yinchilar mavjud. Albatta, yozda transfer oynasi ochiladi va tarkibni kuchaytirish yo‘lida ham qadam tashlaymiz. To‘g‘ri, dastlab mavjud imkoniyatlarni chamalaymiz, tarkibdagi o‘yinchilar bilan yaqindan tanishib chiqamiz. 1-davrani ko‘ngildagidek yakunlashga harakat qilish kerak bo‘ladi. O‘z-o‘zidan nufuzli musobaqa uchun tarkibni shakllantirish masalasi yuzaga chiqadi. Nega deganda, liganing nufuzi va darajasi butunlay boshqacha. Shundan kelib chiqib, yozgi transfer chog‘ida qaysi chiziqlarni kuchaytirishimiz kerakligini hal qilib olamiz”, - deydi Maksim Aleksandrovich.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting