Kristal Pelas – Manchester Siti: Xusanov Angliya Kubogi finalida maydonga tushadimi?
17 may kuni Londondagi “Uembli” stadionida Angliya Kubogi finali bo‘lib o‘tadi. Unda “Kristal Pelas” va “Manchester Siti” jamoalari g‘oliblik uchun kurash olib boradi. O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 20:30 da boshlanadi. Uchrashuvga Styuart Atvell hakamlik qiladi.
O‘zbek futbol ishqibozlari uchun asosiy qiziqish final natijasidan ko‘ra boshqacha: Abduqodir Xusanov maydonga tushadimi?
Klubning ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifasida chop etilgan suratda Xusanov jamoaning asosiy futbolchilari — Erling Holand, Bernardu Silva, Savinyo va tajribali darvozabon Skott Karson bilan birga tasvirlangan. Bu esa uning o‘yin uchun qaydnomaga kiritilganini va jismoniy jihatdan tayyor ekanini anglatishi mumkin.
Xusanov mart oyidan beri jamoa safida rasmiy o‘yinlarda ishtirok etgani yo‘q. Bu vaqt mobaynida u olti o‘yinni o‘tkazib yubordi — ba’zisida zaxirada, ba’zisida esa qaydnomaga ham kiritilmadi. Bu holat jamoa himoyasidagi kuchli raqobat bilan bog‘lanmoqda. Ayniqsa, Ruben Diash, Natan Ake, Yoshko Gvardiol va Manuel Akanji kabi futbolchilar asosiy tarkibda mustahkam joy egallab turibdi.