Karlo Anchelotti va Braziliya terma jamoasi o'rtasidagi kelishuv tafsilotlari ma'lum bo'ldi
Madridning “Real” klubi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti faoliyatini Braziliya terma jamoasida davom ettirishi mumkin. Hozirda tomonlar shartnoma shartlari borasida og'zaki kelishuvga erishgan. Bu haqda Folha de S.Paulo nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko'ra, 65 yoshli mutaxassis Braziliya terma jamoasida yiliga 9 million yevro maosh oladi. Agar terma jamoa 2026-yilgi Jahon chempionatida yarim finalga qadar yetib borsa, Anchelottining maoshi 11 million yevroga ko'tariladi.
Qayd etilishicha, italiyalik mutaxassisning “Real Madrid”ni tark etish haqidagi qarori allaqachon qabul qilingan va bu “Barselona”ga qarshi o'yindan so'ng rasman e'lon qilinishi kutilmoqda.
Eslatib o'tamiz, bugun Ispaniya La Ligasining 35-turidan o'rin olgan bahsda “Barselona” va “Real Madrid” o'zaro to'qnash keladi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 19:15 da start oladi.