locale OZ

Jamshid Saidov: «Afsuski, ikki ochkoni yoʻqotdik»

«Qizilqum» ustozi «Surxon»ga qarshi bahsdan soʻng oʻz fikrlarini bildirdi.
Jamshid Saidov: «Afsuski, ikki ochkoni yoʻqotdik»
Фото: Қизилқум ПФК
O‘zbekiston Superligasi
10.10.2026, Yak.
Qizilqum
0
Surxon
0

Superliganing 23-tur bahslari davom ettirilmoqda. Navoiyda «Qizilqum» jamoasi Termizning «Surxon» klubini qabul qildi. Oʻyin 0:0 hisobida yakunlandi. Bellashuvdan keyin navoiyliklar bosh murabbiyi Jamshid Saidov matbuot anjumanida oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

- Oʻyin haqida aytadigan boʻlsam, uchrashuv juda yaxshi oʻtdi, oʻyin mazmuni ham ancha yaxshi boʻldi. Ammo, afsuski, bugun ikki ochko yoʻqotdik, deb hisoblayman. Oʻz vaziyatlarimizdan foydalana olmadik. Garchi oʻyin nazorati «Surxon»da boʻlgan boʻlsa-da, biz qarshi hujumlar orqali oldinga chiqib bordik. Bir nechta vaziyat yaratdik, lekin ulardan foydalana olmadik. Shunday boʻlsa-da, yigitlarga katta rahmat aytmoqchiman. Ular maydonda bor kuchlarini ishga solishdi. Bugun gʻalabaga erishish nasib qilmadi. Endi keyingi oʻyinga tayyorgarlik koʻramiz.

- Jamoaning hujumlari qanotlar orqali tashkil qilinyapti. Ammo toʻp maydon markaziga koʻchganda oʻyin qovushmayapti. Oʻrtada faol oʻynaydigan ijrochilar koʻrinmayapti…

- Uchrashuv uchun aniq strategiyamiz bor edi — qanotlar orqali, maydon kengligidan foydalanib oʻynashni rejalashtirgandik. Ammo ayrim vaziyatlarda toʻp uzatilgan paytda kerakli nuqtaga yetib borishga ulgurmadik. Chunki «Surxon» toʻpni koʻproq nazorat qildi. Shu sababli futbolchilarimiz ikkinchi zonada raqibni kutib olishdi, oldingi chiziqda esa vaziyatlar yaratish biroz qiyinlashdi.

Menimcha, oʻz vaziyatlarimizdan foydalanganimizda, oʻyin butunlay boshqacha kechishi mumkin edi. Birinchi boʻlimda ham, ikkinchi boʻlimda ham imkoniyatlar yaratdik. «Surxon» toʻp nazorati orqali oʻynashini bilardik. Ular aslida jiddiy vaziyatlar yarata olishmadi. Toʻpni asosan oʻz himoyaviy zonasida va ikkinchi zonada nazorat qilishdi. Biz esa qarshi hujumlar orqali oʻynashga tayyor edik va bu borada imkoniyatlarga ega boʻldik.

Biroq yakunlovchi zarbalarda aniqlik yetishmadi. Vaziyatlar boʻldi, lekin ulardan unumli foydalana olmadik. Himoyada hammasi yomon boʻlmadi, ammo ayrim tushunmovchiliklar ham kuzatildi.

Yana bir jihatni aytishim kerak. FIFA kunlari sababli yuzaga kelgan uzoq tanaffus ham oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Kechagi turdagi oʻyinlarda ham buni koʻrish mumkin edi. Menimcha, uzoq tanaffus futbolchilarga taʼsir qildi. Koʻplab futbolchilar maydonga chiqishda qiynalishdi, chunki ularning aksariyati jarohatdan keyin safga qaytishgan. Ayrim futbolchilar qariyb 15 kun, hatto ikki-uch hafta davomida jarohat sababli maydonga tusha olishmagan. Bu holat ham oʻz taʼsirini koʻrsatdi.

- «Qizilqum» FIFA kunlarida faqat bitta oʻrtoqlik oʻyini bilan cheklandi. Boshqa jamoalar esa ikkitadan oʻyin tashkil qilishdi.

- Bilasiz, biz geografik jihatdan ancha uzoqda joylashganmiz. Shu sababli «Buxoro» bilan faqat bir marta oʻynadik. Ular bilan toʻrt boʻlimdan iborat oʻrtoqlik uchrashuvi ham oʻtkazdik. Ayrim futbolchilar jarohatlari sababli davolanish bilan band boʻlishdi. Yana bir bor aytaman, baʼzi futbolchilar oʻyin amaliyoti va oʻyin ritmini biroz yoʻqotishdi. Ammo ishonamanki, oʻyindan-oʻyinga oʻzimizni tiklab boramiz va hali oʻz oʻyinimizni koʻrsatamiz. Xudo xohlasa, Andijonda ochkolar uchun kurashamiz.

- Jamoangizga yana toʻrt ochko olish qoldi. Ammo nazariy jihatdan bu ham oʻtish oʻyinlari zonasidan chiqish uchun yetarli boʻlmasligi mumkin. Bu borada hisob-kitob qilib koʻrdingizmi?

- Men bunday hisob-kitoblar bilan shugʻullanmayman. Albatta, toʻrt ochko olish bizga yuz foiz kafolat berishi mumkin. Agar bugun gʻalaba qozonganimizda, ochkolar oʻrtasidagi farq atigi ikki ochkoni tashkil qilardi. Endi nima boʻlganda ham, ruslarda aytilganidek, qon chiqquncha harakat qilib boʻlsa-da, shu toʻrt ochkoni olishimiz kerak.

- Demak, endi asosiy eʼtibor uydagi oʻyinlarga qaratiladi?

- Albatta, harakat qilamiz. Menimcha, oʻz maydonimizdagi uchrashuvlarda maksimal darajada harakat qilamiz. Yigitlar yaxshi, jamoaviy muhit ham yomon emas. Futbolda xatolarsiz oʻyin boʻlmaydi.

Bugun, afsuski, yana bir bor aytaman, ikki ochko yoʻqotdik. Agar oʻz vaziyatlarimizdan foydalanib, birinchi boʻlimning oʻzidayoq gol urganimizda, oʻyin boshqacha kechardi. Koʻrib turganingizdek, raqibda toʻp nazorati koʻproq boʻldi. Biz esa ularning aynan shunday oʻynashini kutgandik. «Surxon» toʻpni nazorat qilishini bilardik.

Eng muhimi, oʻzimizda vaziyatlar boʻldi. Agar vaziyat yarata olmaganimizda, boshqa gap edi. «Surxon»da esa aniq golli vaziyatlar deyarli boʻlmadi. Esimda, ular bir marta qanotdan toʻp uzatib, zarba berishgani bor, xolos.

Toʻpni nazorat qilish, qisqa va oʻrta masofaga paslar berish hamda biroz yuqoriroq tezlikda oʻynash — raqibning kuchli jihatlari. Ammo ular buni asosan, hisobda oldinga chiqqandan keyin amalga oshirishdi», - dedi Saidov.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting