locale OZ

Ivan Boskovich: «Namanganda o‘ynash oson emas»

Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Ivan Boskovich: «Namanganda o‘ynash oson emas»
Photo: Navbakhor PFK

O‘zbekiston Superligasining 17-turi doirasidagi "Navbahor" – "So‘g‘diyona" (1:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining birinchi qismida jizzaxliklar bosh murabbiyi Ivan Boskovich ishtirok etib, jurnalistlarning savollariga javob berdi.

- Avvalo bugungi o‘yin haqida fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz…

- O‘ylaymanki, bugungi bahs muxlislarga yoqdi. Ba’zi holatlarda sekin harakat qildik, buning aniq sababini hozir bilmayman. O‘yinni tahlil qilib, xatolar ustida ishlaymiz. O‘yinimiz boshida qovushmadi, keyin esa sifatli futbol namoyish eta boshladik. Umuman olganda, ikkinchi bo‘limdagi o‘yinimizdan qoniqdim. Ko‘p vaziyatlarda to‘pni nazorat qildik. Raqib juda kuchli edi va safarda durang qayd etdik. "Navbahor"ning qanot yarim himoyachilari faol o‘yin ko‘rsatishadi, lekin biz bunga tayyor edik va himoyachilarga alohida uqtirgan edik. Namanganda o‘ynash oson emas, biz taslim bo‘lmadiq va oxirigacha kurashdik. Ruhiy tomondan cho‘kib qolmaganimiz meni xursand qildi. Chempionat tugashiga hali 13 ta tur bor. Ishlashda davom etamiz.

- "So‘g‘diyona" o‘tgan turda "Nasaf"ga mag‘lub bo‘lgandi, bugun esa durang qayd etdi. Bu haqida nima deya olasiz?

- Birinchi davradagi o‘yinimiz bilan taqqoslaganda ancha o‘sganmiz, deya olaman. O‘tgan tur ham chiroyli harakat qilgandik. Asosiy masala, jamoamizda o‘yin bor. Muammo - vaziyatlarni golga aylantirishda bo‘lyapti. Buning ustida ishlaymiz. Tarkibimizda yaxshi futbolchilar bor, shunday ekan, o‘z maqsadimiz yo‘lida kurashishda davom etamiz. Men jamoamdan yanada yaxshiroq natija kutaman. Futbolda ikki karra ikki har doim ham to‘rt bo‘lavermaydi, futbol shuni bilan qiziq. Umumiy ochkolarimiz kam. Chunki ko‘p uchrashuvlarda ochkolarni boy berib qo‘ydik. Ammo aytganimdek, hali oldinda 13 tur bor va shu o‘yinlarda ko‘proq ochko olishga harakat qilamiz. Futbolni alday olmaysiz, yakuniy jadvalda qaysi o‘rinni olsak, shu haqqoniy bo‘ladi.

- O‘yinda ko‘rdikki, jamoa asosan Lyupcho Dorievga tayanib qolgan. Ushbu futbolchisiz o‘ynash qiyinmi?
- Aksar jamoalar yaxshi sifatli futbolchilarga tayanib o‘ynaydi va bu normal holat. Bizda ham yaxshi o‘yinchilar ko‘p. Maydonda Dorievdan tashqari yana 10 nafar futbolchi harakat qiladi hamda har birining o‘z vazifasi bor. Lekin Lyupcho Doriev alohida mavzu. Balki u chempionatning eng yaxshi futbolchisidir. Bir maromda yuqori saviyada o‘ynash oson emas. Doriev buni qo‘ldan kelgancha uddalayapti va buning uchun xursandman. Jamoamizda har bir o‘yinchining o‘z vazifasi bor va hamma o‘z ishini yaxshi bajarishga harakat qilmoqda.

- Tarkibga yangi qo‘shilgan futbolchilar jamoaga kirishib keta olishdimi?

- O‘tgan o‘yindan keyin men bu savolga javob bergandim. Jamoada hamma bor kuchi bilan yordam berishga harakat qilmoqda. Yangi futbolchilarning kelganiga ko‘p bo‘lmadi, ammo ular mashg‘ulotlarda yaxshi ishlashmoqda. Jamoaga moslashish jarayoni davom etmoqda. Hali ko‘rasiz, 3-4 ta uchrashuvdan keyin hamma yaxshi o‘yin ko‘rsata boshlaydi. Men doim talabchanman, hech qachon to‘liq qoniqmayman.

Bahrom Bobonov
Bahrom Bobonov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting