locale OZ

Hamidjonov: “Andijon oldiga yuqori maqsad qo‘ygan”

Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Hamidjonov: “Andijon oldiga yuqori maqsad qo‘ygan”
Photo: Andijan PFK

Yozgi seleksiya chog‘ida "Andijon" a'zosiga aylangan iqtidorli himoyachi Sunnatillo Hamidjonov jamoa bilan birga Tojikiston yig‘inida faol ishtirok etmoqda.

Uning 4 yil oldin ham "Andijon" sharafini himoya qilganini muxlislar yaxshi eslashadi. Shu bois Hamidjonovning "Burgutlar" safiga qaytganidan ishqibozlar quvonishgani rost.

Kuni kecha Hamidjonov "Andijon" matbuot xizmatiga intervyu berdi.

- Sunnatillo, "Andijon"dagi ilk norasmiy o‘yinni "Istaravshan"ga qarshi o‘tkazdingiz. Yangi jamoangizdagi ilk uchrashuv qanday taassurot qoldirdi?

- Avvalambor, "Andijon" muxlislariga assalomu alaykum! O‘rtoqlik uchrashuvi yaxshi o‘tdi va iliq taassurot qoldirdi. Xudoga shukr, yutib oldik.

- Jamoaning Tojikistondagi yig‘inida qatnashyapsiz, sizni qanday qabul qilishdi?

- Jamoa yig‘iniga qo‘shilganimda, barcha jamoadagilar, futbolchilar, murabbiylar shtabi yaxshi kutib olishdi. Bu yerda hech kim menga begona emas. Oldin birga o‘ynaganmiz va raqib sifatida to‘qnash kelganmiz. 2021 yili "Andijon"da to‘p surganimda ko‘plab futbolchilar bilan birga o‘ynaganmiz. Hammasi ajoyib.

- Ilgari "Andijon"da to‘p surgansiz, o‘sha paytda qanday xotiralar qolgan edi va endi qanday o‘zgarishlarni ko‘ryapsiz?

- Ha, ilgari "Andijon" sharafini himoya qilganimda yaxshi xotiralar qolgan. Menda ko‘p xotiralar saqlanib qolgan va bularni hech qachon esdan chiqarmayman. O‘sha paytlar haligacha esimda bor. Muxlislar faol edi, hozirga kelib ular yanada faollashishgan. 4 yil ichida ko‘p o‘zgarishlar bo‘lgan. O‘sha paytlarda "Andijon"ni shaxsiy bazasi bo‘lmagan. Hozir esa 2025 yilga kelib o‘zining bazasi qurib bitkazildi. Xudo xohlasa, Tojikiston yig‘inidan so‘ng yangi bazamizga ko‘chib o‘tamiz. Ko‘p narsalar yaxshi tomonga o‘zgargan.

- "Surxon"dan "Andijon"ga o‘tishingiz qanday yuz berdi?

- Birinchi davra tugashiga yaqin nasib qilsa, ikkinchi davrada yanada yaxshi klubda o‘zimni sinamoqchi bo‘lishni reja qilib yurdim. "Andijon" klubi ham rejaming bir qismida bor edi. Chunki "Andijon" OCHLda o‘ynaydi, oldiga yuqori maqsad qo‘ygan.

- "Burgutlar" oilasi a'zosiga aylandingiz. Hozirda o‘zingizni qanday his qilyapsiz?

- Ha, "Burgutlar" jamoasiga a'zo bo‘ldim, taassurotlar juda ham yaxshi. O‘zimni nihoyatda erkin his qilyapman. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, 2021 yili "Andijon" klubida to‘p surganman. Bu jamoa menga begona emas, juda ham yaqin, yuragimga yaqin jamoa.

- Bu yerda oldingizga qo‘ygan maqsadingiz qanday?

- Oldimga katta maqsad qo‘yganman. OCHL 2 guruh bosqichida yaxshi o‘yinlarimizni ko‘rsatib, Xudo xohlasa, keyingi bosqichlarga chiqib, yaxshi natijalar ko‘rsatib, muxlislarimizni xursand qilishga harakat qilamiz. Chempionatda ham munosib o‘yinlar ko‘rsatib, ijobiy natijalar bilan ishqibozlarimizni quvontirishga bel bog‘laganmiz.

Bahrom Bobonov
Bahrom Bobonov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting