«Dahshatli hakamlik derbi taqdirini hal qildi» — «Real» rasmiy sayti
«Real» «Atletiko»ga qarshi (1:2) o‘yinning bosh hakami Migel Anxel Ortis Ariasni tanqid qildi.
O‘yindan so‘ng klub saytida mag‘lubiyat bilan yakunlangan bahs haqida maqola e’lon qilindi. Matn «Derbi taqdirini dahshatli hakamlik hal qildi» sarlavhasi ostida chop etildi. Unda «Real» hakamni «Atletiko» futbolchilari Li Kan In va Kristian Romeroni qizil kartochka bilan jazolamagani uchun tanqid qilgan.
37-daqiqada Jud Bellinghem podkatda Kristian Romeroni yiqitdi. O‘yin bosh hakami Migel Anxel Ortis Arias «Real» yarimhimoyachisiga sariq kartochka ko‘rsatdi, ammo videotakrorni ko‘rib chiqqach, qarorini bekor qildi va sariq kartochkani endi «Atletiko» himoyachisiga ko‘rsatdi. Sababi, argentinalik futbolchi butsasining tishlari bilan raqibining tizzasidan biroz pastroq qismini bosib olgandi.
45-daqiqada «Atletiko» havbeki Li Kan In markazdan uzoq bo‘lmagan joyda «Real» futbolchisi Federiko Valverdening to‘pig‘iga butsasining tag qismi bilan zarba berdi. Urugvaylik yarimhimoyachi norozi bo‘lib o‘rnidan sakrab turdi va bosh hakam oldiga yugurib bordi, ammo Migel Anxel Ortis Arias koreyalik futbolchini ogohlantirmadi.
«Real Madrid» «Metropolitano» stadionida Ortis Ariasning dahshatli hakamligi fonida o‘tgan derbida mag‘lub bo‘ldi. Birinchi bo‘limda u Romeroni Bellinghemning tizzasini bosib olgani uchun (epizodni ko‘rish uchun monitor oldiga borganiga qaramay) maydondan chetlatmadi. Shuningdek, Li Kan Inni Valverdening to‘pig‘iga zarba bergani uchun ham chetlatmadi. Har ikki qaror o‘yinning borishiga ta’sir qildi va ikkinchi bo‘limda «Atletiko»ning g‘alabasi bilan yakunlangan bahs taqdiriga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi», — deyiladi matnda.