«Aston Villa» soʻnggi 10 ta oʻyindagi toʻqqizinchi gʻalabasini qoʻlga kiritdi
«Aston Villa» Angliya Premyer-ligasining 15-turida «Arsenal»ni 2:1 hisobida mag‘lub etib, so‘nggi 10 uchrashuvdagi 9-g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Opta Sport ma’lumotiga ko‘ra, bunday seriya birmingemliklarda oxirgi bor 1919 yilda kuzatilgan.
Unai Emeri jamoasining bu kuchli yurishi 6-turda «Fulhem» ustidan 3:1 hisobidagi g‘alabadan boshlandi. Shundan so‘ng ketma-ket «Byornli» (2:1), «Tottenhem» (2:1) va «Manchester Siti» (1:0) ustidan muhim g‘alabalar qo‘lga kiritildi.
«Liverpul»ga qarshi bahsda (0:2) mag‘lubiyat qayd etilgan bo‘lsa-da, «Aston Villa» tezda o‘ziga keldi va navbatdagi uchrashuvlarda yana ketma-ket zafarlar qozondi: «Bornmut» (4:0), «Lids Yunayted» (2:1), «Vulverhempton» (1:0), «Brayton» (4:3) hamda eng so‘nggi — «kanonirlar» ustidan muhim g‘alaba.
Maʼlumot uchun, keyingi turda «villanlar» 14 dekabr kuni safarda «Vest Xem» bilan to‘qnash keladi.
Hozircha «Aston Villa» 30 ochko bilan Premer-liga turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda bormoqda.