Asensio «Jirona»ga qarshi oʻyinni oʻtkazib yuboradi
«Real» Madrid himoyachisi Raul Asensio bugungi La Liga doirasidagi «Jirona»ga qarshi o‘yinda maydonga tushmasligi deyarli aniq. Marca nashrining xabariga ko‘ra, futbolchining o‘yinni o‘tkazib yuborishiga virusli infeksiya sabab bo‘lgan.
Muhim uchrashuv arafasida madridliklarning mashg‘ulotida yana bir nechta himoyachilar — David Alaba, Dani Karvaxal va Din Heysen ham qatnashmadi. Ularning ham yaqin vaqt ichidagi o‘yinlarda ishtiroki hozircha noma’lum.
Shu bilan birga, Xabi Alonso boshchiligidagi murabbiylar shtabi asosiy darvozabon Tibo Kurtuaga ishonch bilan tayanishi kutilmoqda. U yaqinda «Olimpiakos»ga qarshi 4:3 hisobida yakunlangan Chempionlar Ligasi uchrashuvini gastroenterit sabab oʻtkazib yuborgandi. Hozir esa belgiyalik posbon safga qaytishga tayyor.
Bundan tashqari, «Jirona»ga qarshi o‘yin uchun dastlabki ro‘yxatga himoyachi Antonio Ryudiger va yarimhimoyachi Franko Mastantuono ham kiritilishi mumkin. Ikkala futbolchi ham jarohatlaridan so‘ng bir necha mashg‘ulotni to‘liq o‘tkazdi. Biroq ularning maydonga tushishi yakuniy tibbiy baholash natijasiga bog‘liq bo‘ladi.