Anvar Hojimirzayev: «To‘g‘ri, «Neftchi» taklif bilan chiqdi, lekin...»
«Dinamo»ning 32 yoshli yetakchisi hamda sardori Anvar Hojimirzayev yozgi transfer oynasining so‘nggi kunida klubini o‘zgartirishi mumkinligi haqidagi xabar ancha tarqaldi. Amaldagi chempion – «Neftchi» unga jiddiy qiziqdi va oxirigacha tarkibga qo‘shib olishga urindi. Biroq futbolchi Samarqandda qoldi.
U yerda Anvarni juda hurmat qilishadi va qo‘llab-quvvatlashadi. O‘z navbatida futbolchi uchun ham «Dinamo» xuddi o‘z uyidek bo‘lib qolgan. Samarqandda uchinchi mavsumini o‘tkazayotgan Anvar bu yil ham o‘zining sermahsulligi, to‘purarlarligi bilan jamoaga foyda keltiryapti.
Fursatdan foydalangan holda Tribuna.uz jurnalisti Hojimirzayevga bir qator savollar bilan murojaat qildi.
- Anvarjon, «Dinamo» klubi ikki xil taassurot qoldira boshladi. Bilamizki, mavsum avvalida maqsad jiddiy edi. Lekin chempionat starti muvaffaqiyatli chiqmadi va shu holat seriya sifatida davom etdi. Yozgi tanaffusdan keyin esa natijalar ijobiy tarafga o‘zgardi. Avvalo, shu xususida to‘xtalib o‘tsangiz, tanaffusda natija o‘zgarishi uchun aynan nimalar qildinglar?
- Assalomu alaykum. To‘g‘ri aytdingiz, mavsum oldi boshqacha maqsad qo‘ygandik. Bizga qaysidir ma’noda moliyaviy muammolar ta’sir qildi va chempionat starti ham omadsiz keldi. Legionerlarimiz ham bizning ligaga moslasha olishmadi. Yozgi tanaffusdan keyin yaxshi kayfiyatda boshladik. Tarkib kuchaytirildi, yangi o‘yinchilar keldi. Bizga begona bo‘lmagan Marko Stanoyevich ham qo‘shildi va hozir hammasi yaxshi.
- Kecha transfer oynasi yopildi. So‘nggi kuni sizni «Neftchi»ga o‘tishingiz borasida xabarlar ko‘p chiqdi. Lekin yakunda «Dinamo»da qoldingiz. Ushbu masalaga oydinlik kiritib o‘tsangiz. Farg‘onaliklar chindan ham aloqaga chiqishdimi, Samarqandda qolishingizga nima sabab bo‘ldi?
- To‘g‘ri, farg‘onaliklar taklif bilan chiqishdi. Lekin mening yil oxirigacha «Dinamo» bilan shartnomam borligi uchun klub ixtiyorida qoldim.
- «Dinamo»da qolishingizni Samarqand va Abramovga sadoqat sifatida bog‘lash mumkinmi?
- 3 yildan beri Samarqand sharafini himoya qilyapman. O‘zingiz tushunasiz (kuladi).
- Qolaversa, «Dinamo»da moliyaviy muammolar haqida ham gapirilgandi. Hozir bu holat qanday, vaziyat o‘zgarganmi?
- Ha, hozirgi paytga kelib holat ancha yaxshi tarafga o‘zgargan.
- Superligada 9 ta gol urdingiz. Yana nechta gol urishni mo‘ljallayapsiz?
- Xudo xohlasa, yanada ko‘proq gollar urishga harakat qilaman.
- Nima deb o‘ylaysiz, mavsum boshida «Dinamo» oldiga qo‘yilgan maqsad o‘zgarganmi yoki o‘z kuchida turibdimi?
- Bemaqsad hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Tabiiyki, bizning ham o‘zimizga yarasha oldimizga qo‘ygan maqsadimiz bor. Biz shunga qarab intilamiz va ishlashni davom ettiryapmiz.
- «Dinamo»ning haqiqiy yetakchisiga aylangan futbolchi sifatida mahalliy muxlislar sizdan ko‘p narsa kutishadi, doim. Bu sizga ishonch beradimi yoki bosim?
- Bu holat menga hamisha ishonch beradi. Tabiiyki, men ularni o‘z o‘yinlarim bilan doimo xursand qilishga bor kuchim bilan harakat qilaman.
- Nima deb o‘ylaysiz, bu mavsumda kim chempion bo‘ladi?
- Bilmadim, oldinda hali o‘yinlar ko‘p. Buni vaqt ko‘rsatadi.