locale OZ

Anvar Gʻofurov: Har bir o‘yin o‘ziga yarasha vazifalar va qiyinchiliklar beradi

Navbahor 2:0 Surxon bahsidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi fikr bildirdi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Anvar Gʻofurov: Har bir o‘yin o‘ziga yarasha vazifalar va qiyinchiliklar beradi
photo: Surxon fk
O‘zbekiston Superligasi
12.04.2026, Yak.
Navbahor Namangan
2
Surxon
0

Navbahor 2:0 Surxon bahsidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Anvar Gʻofurov fikr bildirdi.

O‘yın hususida fikrlaringiz?
— Har bir o‘yin o‘ziga yarasha vazifalar va qiyinchiliklar beradi. Biz uchrashuv davomida o‘yinga mos o‘zgarishlar kiritishga harakat qildik. Birinchi va ikkinchi bo‘lim uchun alohida rejalarimiz bor edi. Ammo ikki nafar futbolchimizning jarohat olishi o‘yinning borishini sezilarli darajada o‘zgartirib yubordi. Shunga qaramay, muhokama qilish va o‘rganishimiz kerak bo‘lgan vaziyatlar bor. O‘ylaymanki, bu biz uchun foydali tajriba bo‘ladi.

Birinchi bo‘limda darvozabon Davron Merganov og‘ir jarohat oldi. Uning hozirgi ahvoli qanday?
— O‘sha vaziyat albatta muhokamaga arziydi. Darvozabonimizga butsa tishi bilan harakat qilindi, ammo hakam tomonidan faqat sariq kartochka berildi. Bu qaror tushunmovchiliklarga sabab bo‘lyapti. Bunday vaziyatlar albatta qayta ko‘rib chiqilishi kerak.

Karimov va Chineduning zaxirada qoldirilishi ikkinchi bo‘limni kuchaytirish uchun rejalashtirilganmidi, Chineduda jaroxat yoʻqmi?
— Jarohat yo‘q edi, bu oldindan rejalashtirilgan qaror edi. Ammo futbolchimiz zaxiradan tushib jarohat olgani rejalarimizni o‘zgartirib yubordi. Umuman olganda, futbolchilarimizni kuchini tejashga harakat qilyapmiz. Bir oyda 5–6 ta o‘yin o‘tkazish oson emas, shu sabab ayrim futbolchilarga dam berishga harakat qilamiz.

Chempionat boshida jamoa yaxshi natija qayd etmadi, ammo siz kelgach natijalar yaxshilandi. Bunga nima sabab?
— Futbolda omad ham muhim rol o‘ynaydi. Oldingi murabbiy ishiga baho bera olmayman, lekin mening fikrimcha, futbolchilarga yangi talablar yoqyapti va ular bunga moslashib bormoqda. Bu esa o‘z natijasini bermoqda.

Futbolchilik faoliyatingiz davomida o‘rgangan koʻplab kuchli murabbiylar bilan ishlagansiz va hozirda ulardan oʻrgangan tajribalaringizni hozir jamoada qanday qo‘llayapsiz?
— Har bir jamoani chuqur o‘rganib, shunga yarasha reja tuzamiz. Har bir raqibning o‘z o‘yin uslubi bor va biz shu jihatlarga qarab o‘z taktikamizni moslaymiz. Murabbiylardan esa, ayniqsa Vadim Karlenovichning uslubi menga yoqadi. Shuningdek, xorijiy mutaxassislardan ham ko‘p narsani o‘rganishga harakat qilaman.

Karimovning holati xavotir uyg‘otmayaptimi? Chineduning salohiyatini qanday baholaysiz
— Behruz Karimov biz uchun juda muhim futbolchi. Nafaqat klub, balki terma jamoa uchun ham kerakli o‘yinchi. Uning jarohati borasida hozir aniq ma’lumot yo‘q, shifokorlar tekshiruv olib bormoqda, ammo oyog‘ida og‘riq bor.
Chinedu haqida aytadigan bo‘lsam, u katta salohiyatga ega futbolchi. Ishonaman, u hali yanada kuchayadi. Ammo o‘yinlar zichligi sabab jismoniy holatini oshirish qiyin, hozir ko‘proq tiklanishga e’tibor qaratilyapti.

Zaxira futbolchilar yetarlimi? Oldinda yana o‘yinlar bor.
— Har bir futbolchimga ishonaman. Ular bekordan-bekorga bu jamoada emas. Har bir o‘yinchiga imkoniyat beramiz. Kim bu imkoniyatdan qanday foydalanishi o‘ziga bog‘liq. Har bir futbolchi har doim maydonga tushishga tayyor bo‘lishi kerak.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting