Angliya — Argentina: JCH yarimfinali oldidan qo‘shma ramziy tarkib tuzib ko'rildi
Bugun oqshom Angliya va Argentina terma jamoalari JCH-2026 yarimfinalida o‘zaro to‘qnash keladi. Bu bahs ikki jamoa o‘rtasidagi tarixiy raqobatdagi eng yirik uchrashuvlardan biri bo‘lishi mumkin.
Bugungi o‘yin oldidan Angliya va Argentina futbolchilaridan iborat qo‘shma ramziy tarkibni tuzib ko'rdik.
Darvozabon: Emiliano Martines — Argentina
Bu pozitsiyada o‘z terma jamoalari safida ko‘pincha kutilganidan ham yuqori saviyada o‘ynaydigan ikki darvozabon o‘rtasida tanlov bo‘ldi. Jordan Pikford Norvegiyaga qarshi omadsiz o‘yinini inobatga olmaganda, Angliyani deyarli hech qachon pand bermagan. Biroq amaldagi jahon chempioni Argentina darvozaboni Emiliano Martinesning umumiy faoliyati yanada ta’sirli ko‘rinadi. To‘rtta xalqaro sovrin va ikkita Yashin mukofoti tanlovni argentinalik posbon foydasiga hal qiladi.
O‘ng qanot himoyachisi: Ris Jeyms — Angliya
Ris Jeymsning son mushagi jarohatidan keyin safga qaytishi Angliya uchun katta kuch bo‘ldi. “Chelsi” sardori sog‘lom holatda dunyoning eng yaxshi o‘ng qanot himoyachilaridan biri hisoblanadi. Muammo shundaki, u doimiy ravishda sog‘lom holatda bo‘la olmayapti.
Markaziy himoyachi: Kristian Romero — Argentina
Argentina futbolida jangovar markaziy himoyachilar yetishib chiqish an’anasi uzoq tarixga ega. Kristian Romero ham aynan shu maktab vakili. “Tottenhem” sardori g‘alabaga bo‘lgan tinimsiz intilishi bilan ajralib turadi. Shu bilan birga, u to‘p bilan muomala qilishda ham ancha ishonchli.
Markaziy himoyachi: Lisandro Martines — Argentina
“Manchester Yunayted” himoyachisi Argentina safida ushbu turnirni yuqori saviyada o‘tkazmoqda. U Kabo-Verdega qarshi g‘alabali o‘yinda gol urib, bitta assist ham qayd etdi. Misrga qarshi bahsdagi biroz beqaror o‘yindan so‘ng Lisandro chorak finalda Shveysariyaga qarshi uchrashuvda ajoyib harakat qildi.
Chap qanot himoyachisi: Niko O’Rayli — Angliya
Premyer-liganing mavsumdagi eng yaxshi yosh futbolchisi ushbu turnirda Angliyaning chap qanot himoyasidagi o‘rnini mustahkamlab oldi. U texnik mahorat va jismoniy kuchni uyg‘unlashtira oladi. Balki uning eng qulay pozitsiyasi biroz oldinroqdadir, ammo endi uni Lionel Messi va amaldagi jahon chempionlariga qarshi katta sinov kutmoqda.
Yarim himoyachi: Elliot Anderson — Angliya
Jud Bellingem va Harri Keyndan tashqari, Elliot Anderson Angliyaning ushbu turnirdagi eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘lib turibdi. 116 million funtga baholangan futbolchi Tomas Tuxel undan kutgan barcha vazifalarni bajarmoqda. Shu orqali u nega “Manchester Siti” yozda uni qo‘lga kiritish uchun katta mablag‘ sarflashga tayyor bo‘lganini ko‘rsatib qo‘ydi.
Yarim himoyachi: Deklan Rays — Angliya
Hozirgi bosqichda Deklan Rays charchoq chegarasida o‘ynayotgandek taassurot qoldirmoqda. Ammo Angliya “Arsenal”da “ot” laqabini olgan futbolchidan yana ikki katta poyga kutmoqda. Eng yaxshi holatida Rays yuqori darajadagi “box-to-box” yarim himoyachi hisoblanadi.
Yarim himoyachi: Jud Bellingem — Angliya
Turnir oldidan Jud Bellingemga shubha bilan qaraganlar hozir xato qilganini anglamoqda. U katta o‘yinlar futbolchisi ekanini yana bir bor isbotladi. Shimoliy Amerikadagi turnirda kuchli ta’sir ko‘rsatayotgan Bellingem dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri maqomini qayta mustahkamladi.
Hujumchi: Lionel Messi — Argentina
Hatto 39 yoshida ham Lionel Messi dunyoning eng yaxshi futbolchisi bo‘lib qolayotgan bo‘lishi mumkin. Uning bu yozdagi o‘yinlarini ko‘rib, bunga qo‘shilmaslik qiyin.
Messi yana katta sahnada sehr ko‘rsatmoqda. Uning 8 ta goli Argentinani ketma-ket ikkinchi bor Jahon chempionati finaliga bir qadam yaqinlashtirdi. Agar u ushbu turnirda yana g‘alaba qozonsa, futbol tarixidagi eng buyuk futbolchi ekaniga oid bahslar butunlay yakunlanishi mumkin. Garchi ko‘pchilik uchun bu savol allaqachon javobini topgan bo‘lsa ham.
Hujumchi: Xulian Alvares — Argentina
Argentina Xulian Alvaresning safga qaytib, yana gol urayotganidan mamnun bo‘lsa kerak. Uning Shveysariyaga qarshi urgan ajoyib goli Messidan tashqari ham katta xavf borligini eslatib qo‘ydi.
Hujumchi: Harri Keyn — Angliya
Harri Keyn XXI asrdagi eng sermahsul mavsumlardan birini Jahon chempionligi bilan yakunlashni istaydi.
U 2025/26-yilgi mavsumda klub va terma jamoa safida 70 tadan ortiq gol urib, “Oltin to‘p” uchun jiddiy da’vogar ekanini yana bir bor isbotladi.