«Uni to‘xtatib bo‘lmaydi!» — Lionel Messining sobiq jamoadoshi Angliyani Argentinaga qarshi bahsda imkonsiz vazifa kutayotganidan ogohlantirdi
«Uni to‘xtatib bo‘lmaydi!» — Lionel Messining sobiq jamoadoshi Angliyani Argentinaga qarshi bahsda imkonsiz vazifa kutayotganidan ogohlantirdi
Angliya milliy jamoasi JCH yarim finalida Argentinaga qarshi tarixiy uchrashuv oldidan Lionel Messini zararsizlantirish deyarli «imkonsiz» vazifa ekani haqida ogohlantirildi.
«Inter Mayami» yulduzi faoliyatida ilk bor «Uch sherlar»ga qarshi maydonga tushishga tayyorlanmoqda. Ushbu bahs g‘olibi Jahon chempionati finaliga yo‘l oladi.

Argentina afsonasi hamon to‘xtatib bo‘lmas darajada
Sakkiz karra «Oltin to‘p» sohibining Argentina milliysidagi sobiq jamoadoshi Federiko Fernandes Tomas Tuxel shogirdlari uchun jiddiy ogohlantirish berdi.
Angliya lagerida taktik tayyorgarlik davom etayotganiga qaramay, Fernandesning fikricha, so‘nggi 20 yillik futbol tarixi Messini qandaydir maxsus reja orqali to‘xtatishga urinishlar ko‘pincha muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlanishini ko‘rsatgan.
Turnirning eng yaxshi to‘purari bilan yuzma-yuz kelish haqida gapirar ekan, Fernandes talkSPORT nashriga shunday dedi:
— Uni to‘xtatib bo‘lmaydi. Bu savol so‘nggi 20 yil davomida berib kelinmoqda. Lionel har doim to‘pni qabul qilish yo‘lini topadi: ba’zida orqaroqqa tushadi, ba’zida qanotga yaqinroq harakat qiladi. Vaziyat yaratish uchun unga faqat yaxshi uzatma va to‘pni nazorat qilish kifoya. Hatto unga alohida futbolchi biriktirsangiz ham, foydasi bo‘lmasligi mumkin. Yillar davomida hamma unga qarshi har qanaqa usulni sinab ko‘rgan. Men esa mashg‘ulotlarda Messini qo‘riqlashga majbur bo‘lmaslik uchun murabbiydan doim bizni bir jamoaga qo‘yishni so‘rardim.

Tuxel Holandga qarshi o‘yindagi rejaga tayanmoqda
«Nyukasl»ning sobiq himoyachisidan kelgan bu ogohlantirish jiddiy bo‘lsa-da, Tomas Tuxel o‘z taktik sxemasi natija berishiga ishonmoqda.
Nemis mutaxassisi Angliyaning avvalgi bosqichdagi himoyaviy o‘yinidan ruhlangan. O‘sha uchrashuvda inglizlar yana bir jahon yulduzining ta’sirini sezilarli darajada cheklashga muvaffaq bo‘lishganini bilasiz.
— Lionel Messining har safar buni uddalashi aql bovar qilmas darajada fantastik. U buni turli yo‘llar bilan amalga oshiradi. Messi bo‘sh zonalarni topadi, kerakli lahzani sezadi. Eng muhimi, butun jamoa uning g‘oyasiga ishonadi. Biz Lionelning atrofida dadil harakat qilishimiz va unga beriladigan yordamni to‘xtatishimiz kerak. U Erling Holanddan butunlay boshqa tipdagi futbolchi, ammo biz Erlingga qarshi yaxshi o‘ynadik. Endi bu safar ham yo‘lini topamiz, — dedi Tuxel.

Keyn faqat Messiga e’tibor qaratish xato bo‘lishini aytdi
Messi ushbu turnirda hozirgacha 8 ta gol urgan bo‘lsa-da, Angliya sardori Harri Keyn faqat sobiq «Barselona» va PSJ yulduziga e’tibor qaratish inglizlar uchun xato bo‘lishini ta’kidladi.
— U deyarli 20 yildan beri dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri, balki eng yaxshisi bo‘lib kelmoqda. Uning qanchalik xavfli ekanini hamma biladi. Ammo biz Messiga emas, Argentinaga qarshi o‘ynaymiz. Biz kuchli jamoaga, ajoyib futbolchilardan tashkil topgan yaxlit tarkibga qarshi maydonga tushamiz. O‘yin atrofidagi e’tibor Messi va boshqa yirik nomlar bilan bog‘lanishi tabiiy, lekin biz bu bundan ham kattaroq narsa ekanini yaxshi bilamiz, — dedi Keyn.

Bugun Toshkent vaqti bilan 23:55 da boshlanadigan ushbu bahsda qaysi jamoaning imkoniyati yuqoriroq? Messi ketma-ket ikkinchi chempionlik uchun bir qadam oldinga tashlaydimi, yoki inglizlar oltmish yildan keyin nihoyat yana mundial g'olibligini qo'lga kiritish yo'lida finalga yo'l oladimi?
Kun o‘yini | 15 iyul
23:55. Angliya — Argentina