Krishtianu Ronalduning besh yillik sovrinsiz seriyasi tugadi
Krishtianu Ronalduning sovrinsiz davri nihoyat yakuniga yetdi. «An Nasr» payshanba oqshomida «Damak» ustidan 4:1 hisobida g‘alaba qozonib, 2025/26 yilgi Saudiya Proligasi chempionligini qo‘lga kiritdi.
Sobiq «Liverpul» vingeri Sadio Mane hamda «Bavariya» afsonasi Kumanning gollari «An Nasr»ni oldinga olib chiqdi. Uchrashuvning yakuniy nuqtasini esa Krishtianuning ajoyib dubli qo‘ydi. Jesus boshqaruvidagi jamoa mavsumni eng yaqin ta’qibchi «Al Hilol»dan ikki ochko oldinda yakunladi.

Ronaldo mavsum ohirida yana porladi
Mavsumning hal qiluvchi o‘yinida «An Nasr» har doimgidek yorqin futbol ko‘rsata olmadi, biroq 35-daqiqada Manening bosh bilan urgan goli jamoani tanaffusga ustun holatda olib chiqdi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa Kuman muhim zarba berdi. Fransiyalik vinger jarima maydoni yonida chiroyli «devor usuli» kombinatsiyasini amalga oshirib, to‘pni uzoq burchakka joylab qo‘ydi.
Oradan ko‘p o‘tmay, «Damak» Morlaye Syllaning penaltidan urgan goli evaziga hisobni qisqartirdi. Ammo so‘nggi so‘zni yana Krishtianu aytdi. 41 yoshli hujumchining chap qanotdan, deyarli yon chiziq yaqinidan pastlab yo‘llagan jarima zarbasi barcha futbolchilar orasidan o‘tib darvozaga kirib bordi va stadiondagi muxlislarni telbalarcha quvonchga soldi.
Portugaliyalik yulduz o‘yin oxirida yana bir gol urib, 4:1 hisobidagi ishonchli g‘alabani ta’minladi. Shu tariqa, «Al-Hilol»ning o‘sha oqshom «Al Fayha» ustidan 1:0 hisobidagi g‘alabasi hech qanday ahamiyat kasb etmadi.

«Al Nasr» finaldagi mag‘lubiyatdan keyin o'ziga keldi
Chempionlik uchun «An Nasr»ga faqat g‘alaba kerak edi. Jamoa o‘yinga katta bosim ostida chiqdi, chunki ular o‘tgan hafta Osiyo chempionlar ligasi 2 finalida «Gamba Osaka»ga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lgandi. Shunga qaramay, Ronaldo va uning jamoadoshlari bosimni yengib o‘tishga muvaffaq bo‘lishdi va klubga 2019-yildan beri ilk bor Saudiya Proligasi chempionligini olib kelishdi.
Krishtianuning besh yillik sovrinsiz seriyasi tugadi
Bu muvaffaqiyat Ronaldo uchun ham alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. U nihoyat Saudiya Arabistonidagi ilk yirik sovrinini qo‘lga kiritdi. Portugaliyalik superyulduz 2023-yil yanvarida «An Nasr»ga ko‘chib o‘tganidan beri faqat rasmiy maqomga ega bo‘lmagan Arab klub chempionlar kubogi turnirida g‘olib chiqqandi.
Umuman olganda esa, Ronalduning klub miqyosidagi yirik sovrinsiz davri 2021-yildan beri davom etayotgandi. Uning oxirgi katta sovrini Yuventus safida qo‘lga kiritilgan Italiya kubogi edi.

Keyingi maqsad — Jahon chempionati
«An Nasr» safida mavsum davomida 28 ta gol urgan Ronaldo endi o‘zining ajoyib formasini mundialda ham davom ettirishni istaydi. Besh karra «Oltin to‘p» sohibi Portugaliya milliy jamoasining 2026 yilgi Jahon chempionati uchun qaydnomasiga kiritildi.
Shimoliy Amerikada bo‘lib o‘tadigan mundialda Krishtianu faoliyatidagi eng katta yetishmayotgan sovrin — Jahon kubogini qo‘lga kiritishni maqsad qilgan. Roberto Martinez boshqaruvidagi Portugaliya guruh bosqichini 17-iyun kuni Kongo milliy jamoasiga qarshi boshlaydi. Keyingi bahslarda ular O'zbekiston va Kolumbiya milliy jamoalari bilan kuch sinashadi.
