locale OZ

JCH-2026 finali taqdirini hal qiladigan olti kurash: Lionel Messi — Mark Kukurelyaga, Lamin Yamal esa Niko Talyafikoga qarshi

Sports24.uz futbol tarixidagi eng kutilgan finallardan birini hal qilishi mumkin bo‘lgan olti asosiy qarama-qarshilikni tahlil qiladi.
Eksklyuziv yangiliklar
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
JCH-2026 finali taqdirini hal qiladigan olti kurash: Lionel Messi — Mark Kukurelyaga, Lamin Yamal esa Niko Talyafikoga qarshi
photo: gettyimages
Jahon chempionati (JCH-2026)
19.07.2026, Yak.
Ispaniya
1
Argentina
0

Nihoyat Jahon chempionati finaliga ham yetib keldik. Bir necha soatlardan keyin Nyu-Jersida boshlanadigan Ispaniya va Argentina o‘rtasidagi hal qiluvchi bahs turnirning eng yaxshi ikki jamoasi o‘rtasidagi nihoyatda qiziqarli to‘qnashuv bo‘lishi kutilmoqda. Bu yerda urg‘uni aynan «jamoa» so‘ziga qaratamiz.

Ispaniya mukammal ishlaydigan mexanizmga o‘xshaydi: har bir futbolchi o‘z vazifasini juda yaxshi biladi va umumiy maqsad yo‘lida tinimsiz mehnat qiladi. «Qizillar» yarim finaldagi raqibi Fransiya kabi yulduzlar salohiyatiga ega emas. Shunga qaramay, ohirigacha kurash va mukammal texnik mahorat uyg‘unligi seshanba kuni Dallasda Dide Desham jamoasini butunlay taslim eta oldi.

photo: gettyimages

Ertasi kuni Atlantada Argentina o‘ziga xos jangovar ruhini yana bir bor namoyish etdi. Lionel Messining ikkita assisti evaziga jamoa hisobda ortda borayotganiga qaramay, Angliyani munosib tarzda mag‘lub etdi. Messi — butun tarkibni, hatto butun millatni birlashtirib turgan tirik afsona.

Xo‘sh, kim kubokni qo‘lga kiritadi? Ispaniya ikki yil avval yutgan Yevropa chempionligi yoniga Jahon chempionligini ham qo‘sha oladimi? Yoki Argentina 1962-yildagi Braziliyadan keyin chempionlik unvonini himoya qilgan ilk jamoaga aylanadimi? Sports24.uz futbol tarixidagi eng kutilgan finallardan birini hal qilishi mumkin bo‘lgan olti asosiy qarama-qarshilikni tahlil qiladi.

Rodri — Enso Fernandes va Aleksis Mak Allisterga qarshi

Ispaniya Fransiyani zararsizlantira oladigan yagona jamoa bo‘lishi mumkin degan fikr avvaldan bor edi. Buning asosiy sababi — himoya chizig‘i oldida Rodrining borligi. «Manchester Siti» yarim himoyachisi so‘nggi ikki yil ichida jarohatlar bilan bog‘liq muammolarga duch keldi. Ammo u Fransiyaga qarshi yarimfinalda markazda «allambalo» ishlar qilishidan oldin ham «Oltin to‘p»ni yutgan davridagi eng yaxshi holatiga qaytib ulgurgani sezilgandi.

photo: gettyimages

Argentina yarimhimoyasida tajovuzkorlik va atletizm yetarlicha. Shu bois ular Rodrining o‘yin ritmini buzishga qodir. Biroq buning uchun Enso Fernandes yoki Aleksis Mak Allister, ehtimol, ularning ikkalasi birgalikda Ispaniya sardoriga har bir imkoniyatda bosim o‘tkazishi kerak bo‘ladi. Chunki Rodriga to‘p bilan erkin harakat qilishga vaqt berilsa, u Fransiyaga qarshi yarimfinaldagi kabi o‘yinni to‘liq nazorat qiladi.

Argentina nuqtayi nazaridan qaraganda, ko‘p qirrali Fernandes va Mak Allister Rodri hamda uning ehtimoliy sherigi Fabian Ruisga himoyaviy jihatdan ham jiddiy muammolar tug‘dirishi kerak.

photo: gettyimages

Fernandes ushbu turnirda faqat ayrim pallalarda yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Ammo u Misr va Angliyaga qarshi muhim lahzalarda ajoyib gollar urdi. Mak Allister esa Angliyaga qarshi bahsning so‘nggi daqiqalarida ikki bor ustunni nishonga oldi. Bu uning hujumdagi xavfini ko‘rsatdi va «Oq-ko‘klar»ning eng mukammal yarimhimoyachilari Qatar-2022dagi formasini aynan kerakli paytda qayta topganini anglatadi.

Unai Simon — Emiliano Martinesga qarshi

Agar hozirgi Jahon chempionatidagi «quruq o‘yinlar» nuqtayi nazaridan qaraydigan bo‘lsak, Ispaniya darvozaboni Argentina posbonidan ustunroq ko‘rinadi. Unai Simon bor-yo‘g‘i bitta gol o‘tkazgan. Emiliano Martines esa yettita gol o‘tkazib yuborgan va Avstriyaga qarshi ikkinchi turdagi g‘alabadan beri darvozasini daxlsiz saqlay olmagan.

photo: gettyimages

Ammo yakshanba kungi finalda kim ko‘proq o'z ta’sirini ko‘rsatadi, degan savol o'rtaga tashlansa, ko‘pchilik Martinesni tanlashi mumkin. Uni yoqtirasizmi yoki yo‘qmi, baribir Martines ajoyib seyvlar yoki raqibni asabiylashtiradigan harakatlari bilan o‘yinga ta’sir o‘tkaza oladigan darvozabon.

Simon esa sokinroq, ehtimol shuning uchun ham yetarlicha qadrlanmaydi. Shu bilan birga, u bu turnirda unchalik ko‘p ish qilishiga to‘g‘ri kelmadi va ko‘zga tashlanmadi. Bu uning aybi emas, albatta. Ammo Ispaniya muxlislari orasida «Barselona» darvozaboni Garsiya va «Arsenal» posboni David Raya Simonning ajoyib statistikalariga qaramay, undan yaxshiroq darvozabon deb hisoblaydiganlar ham ko‘p.

photo: gettyimages

Ispaniya himoyada qanchalik zo‘r o‘ynayotgan bo‘lmasin, Nyu-Jersida turnirning eng sermahsul hujumkor jamoasi Simonni ilk bor chinakamiga sinovdan o‘tkazishi ehtimoli yuqori. U bu sinovga qanday javob qaytarishi hal qiluvchi omilga aylanishi mumkin. Chunki Martinesning kamchiliklari ko‘p bo‘lsa-da, uning katta o‘yinlar odami ekanini yaxshi bilamiz.

Mikel Oyarzabal — Xulian Alvares yoki Lautaro Martinesga qarshi

Maydondagi joylashuv nuqtayi nazaridan bu bevosita yuzma-yuz duel bo‘lmaydi. Ammo Mikel Oyarzabal va Xulian Alvares o‘z jamoalarida deyarli bir xil vazifani bajaradi. Yakshanba kuni kim bu rolni yaxshiroq ado etsa, final taqdirini ham o‘sha hal qilishi mumkin.

Oyarzabal Ispaniya uchun kamtarona afsonaga aylanib bormoqda. U Jahon chempionatiga klub va milliy jamoa safida yaxshi formada kelgan bo‘lsa-da, Saudiya Arabistoni va Avstriyaga qarshi dubl qayd etguniga qadar ko‘proq soyada qolayotgandi.

photo: gettyimages

Alvares esa hozircha undan kutilgan darajada o‘ynay olmadi. Biroq uning turnirni sust boshlaganini jarohat bilan izohlash mumkin. Shveysariyaga qarshi urgan ajoyib goli esa unga biroz vaqt va bo‘sh hudud berilsa, nimalarga qodir ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.

Lionel Skaloni oldida esa jiddiy qaror turibdi. Lautaro Martines Angliyaga qarshi o‘yinda zaxiradan maydonga tushib, g‘alaba golini boshi bilan urdi va endi Alvaresdan asosiy tarkibdagi o‘rnini qaytarib olishga da’vogarlik qiladi. Alvares esa hali ham to‘liq o‘z holatiga qaytgandek ko‘rinmayapti.

photo: gettyimages

Oyarzabal esa aksincha, faoliyatidagi eng yaxshi formada va o‘ziga bo‘lgan ishonchi juda yuqori. Fransiyaga qarshi penaltini sovuqqonlik bilan aniq amalga oshirgani buning yaqqol isboti bo‘ldi. Shuni ham unutmaslik kerakki, aynan kamtar bask futbolchisi Yevro-2024 finalini Ispaniya foydasiga hal qilgan edi. Agar Argentinaning yulduz hujumchilaridan biri Nyu-Jersida o‘z nomiga munosib o‘yin ko‘rsatmasa, Oyarzabal Jahon chempionati finalida ham xuddi shunday rolni bajarishi mumkin.

Mark Kukurelya — Lionel Messiga qarshi

Messi Ispaniyaga qarshi klassik qanot hujumchisi sifatida o‘ynamasligi aniq. Ammo hayratlanarli tomoni shundaki, u ushbu Jahon chempionatida 39 yoshida ham o‘yindagi eng samarali keng hudud futbolchilaridan biri bo‘lib qolayotganini isbotladi. Messi to‘p bilan oldingidek dahshatli tezlikda harakat qilmasligi mumkin. Biroq u driblingi bilan istalgan qanot himoyachisini aldab o‘ta oladi va shu bilan birga, to‘pni jarima maydoniga ajoyib tarzda uzata oladigan futbolchi bo‘lib qolmoqda.

photo: gettyimages

Emiliano Martines tan olganidek, Skaloni Messini o‘ng qanotga ko‘chirgani Argentina uchun Misr va Angliyaga qarshi kambeklarga kalit bo‘ldi. Shu sababli Mark Kukurelya Messining harakatlariga jamoasidagi boshqa futbolchilarga qaraganda ham ko‘proq e’tiborli bo‘lishi kerak. Chunki 10-raqam yakshanba kuni tez-tez keng hududga siljishi ehtimoli juda yuqori.

Boshqa tomondan, Messining himoyaviy vazifalardan deyarli to‘liq ozod etilgani hujumkor ruhdagi Kukurelyaga oldinga chiqish uchun yetarlicha imkoniyat berishi mumkin. U Ispaniyaning finalga qadar yurishida buni juda samarali bajardi.

photo: gettyimages

Shu bois Skaloni o‘ng qanot yarim himoyasida kimni boshlang‘ich tarkibga qo‘yishidan qat’i nazar — Rodrigo de Paulmi yoki shuningdek tajovuzkor Juliano Simeonemi — unga Kukurelyani ham kuzatish, ham unga bosim o‘tkazish vazifasini yuklashi mumkin. Bundan maqsad Messi «sehr» ko‘rsatishi uchun kerakli hudud yaratish bo‘ladi.

Lamin Yamal — Niko Talyafikoga qarshi

Jahon chempionati hali Lamin Yamalning eng yaxshi versiyasini ko‘rmadi. Hech bo‘lmaganda hozircha. Ispaniyalik futbolchi ajoyib dribling qobiliyatini bir necha bor namoyish etdi. Shuningdek, Kabo-Verdega qarshi kutilmagan durangdan keyin Saudiya Arabistoni ustidan 4:0 hisobidagi g‘alabada hisobni ochib, jamoasining turnirdagi yurishini boshlab berganini ham unutmaslik kerak. O‘sha o‘yinni Yamal zaxirada boshlagan edi.

Ammo Yamalning o‘zi ham tan olganidek, u o‘ziga qo‘ygan juda yuqori talablar darajasida o‘ynashda qiynaldi. Bunga jarohat va yosh futbolchining eng katta sahnada o‘zini haddan tashqari isbotlashga urinishi sabab bo‘ldi.

photo: gettyimages

Eng muhimi, Yamal o‘ziga ishonchini yo‘qotgani yo‘q. Lamin o'z vaqti kelishiga ishonishda davom etdi. Yakshanba kuni bu sodir bo‘lishi ehtimoli yuqori. Chunki Yamal va Niko Talyafiko qarama-qarshiligi katta nomutanosiblikka o‘xshaydi.

33 yoshli chap qanot himoyachisi, albatta, juda tajribali. U Argentina safida 76 ta o‘yin o‘tkazgan va o‘tgan Jahon chempionatida Usmon Dembeleni shu qadar «qulflab qo'ydiki», fransiyalik vinger birinchi bo‘lim tugamasidan almashtirilgan.

photo: gettyimages

Biroq formasi va jismoniy holati bilan bog‘liq muammolariga qaramay, 2026-yildagi Yamal 2022-yildagi Dembeledan mutlaqo boshqacha vaziyatda. Agar «Lion» himoyachisiga oldinda Enso Fernandes yoki yonida Lisandro Martines tomonidan yetarlicha yordam berilmasa, Yamal Talyafikoni butunlay qiynab qo‘yishi mumkin.

Luis de la Fuente — Lionel Skaloniga qarshi

Luis de la Fuente Ispaniyaning ilk uchrashuvida Gavini chap qanotda o‘ynatib, shubhasiz xatoga yo‘l qo‘ydi. Rostini aytganda, bu qaror ko‘proq ko‘plab ekspertlar va muxlislar tarkibga kiritilishidan ham hayron bo‘lgan futbolchi orqali murabbiy o‘z fikrini isbotlashga urinayotgandek taassurot qoldirdi.

Biroq De la Fuente tezda xatosini tushundi va shundan beri deyarli adashmadi. Ispaniya ketma-ket oltita g‘alaba evaziga finalga chiqdi va ularning barchasi asosiy vaqt ichida qo‘lga kiritildi.

photo: gettyimages

To‘g‘ri, Mikel Merinoga bir necha bor so‘nggi daqiqalarda g‘alaba gollarini urishga to‘g‘ri keldi. Ammo bu ham De la Fuentening tarkibdagi barcha futbolchilarni xursand va och holda saqlay olganini ko‘rsatdi. U «Barselona» yulduzi Pedrini zaxirada qoldirib, uning o‘rniga Ruisni tanlash kabi katta qarori uchun ham ko‘plab maqtovlarga sazovor bo‘ldi. Ruis Belgiyaga qarshi chorakfinalda hisobni ochdi va Fransiyaga qarshi bahsda Rodri bilan birga markazda juda yaxshi o‘ynadi.

Skaloni esa Angliyaga qarshi o‘yinni o‘zgartirib yuborgan ijobiy almashtirishlari uchun juda ko‘p olqishlarga sazovor bo'ldi. Garchi Argentina hisobda ortda borib, yakunda g‘alaba qozonishida Tomas Tuxelning haddan tashqari ehtiyotkorligi ham rol o‘ynagan bo‘lsa-da, Skalonining qarorlari o‘yinga katta ta’sir ko‘rsatdi. Ammo shuni aytish kerakki, turnirning shu bosqichiga qadar “Oq-ko‘klar” murabbiyining qarorlari ko‘p savollar tug‘dirayotgandi.

Guruh bosqichida Argentinaning Messiga og‘riqli darajada qaram bo'lib qolgani ko‘rinib qoldi. Kabo-Verde, Misr va Shveysariyaga qarshi omadli, ammo unchalik ishonchli bo‘lmagan g‘alabalarda esa jamoaning yarimhimoya tuzilishi noto‘g‘ri tanlangandek taassurot qoldirdi.

photo: gettyimages

Shu ma’noda, Skaloni final oldidan juda ko‘p narsani o‘ylab chiqishi kerak. De la Fuente esa hozirga kelib barqaror tarkibga ega va Fransiyaga qarshi butun turnirdagi eng mukammal o‘yinini namoyish etdi. Demak, bosim ko‘proq Skalonining zimmasida bo‘ladi. U ilk hushtakdanoq hammasini to‘g‘ri qilishi kerak. Chunki Messi mo‘jiza yaratishga qodir futbolchi, Argentinaning bardoshi esa chindan ham tahsinga loyiq. Ammo agar ular Ispaniyaga qarshi hisobda ortda qolsa, kambek qilishlari juda qiyin bo‘ladi.

JCH-2026. Final
23:55. Ispaniya — Argentina / Zo‘r TV, Futbol TV

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting