locale OZ

Humoyun Sherbutaev: \"So‘nggi yillarda Superligada raqobat kuchaydi\"

Maqolalar
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Humoyun Sherbutaev: "So‘nggi yillarda Superligada raqobat kuchaydi"
Photo: Surkhan PFK

"Surxon" yarimhimoyachisi Humoyun Sherbutaev jarohati sabab mavsumning birinchi yarmidagi ko‘plab o‘yinlarni o‘tkazib yubordi. Biroq, qaytgach, u yuqori saviyada o‘ynay oldi va qaytganidan keyingi ikkinchi uchrashuvidayoq gol urishga muvaffaq bo‘ldi. "Surxon" matbuot xizmati Humoyundan intervyu olib, uning tiklanish jarayoni va klubning kelajagi haqida suhbatlashdi.

- Humoyun, uzoq kutilgan qaytishingiz bilan tabriklaymiz. Tiklanish jarayoni uzoq cho‘zilganidan so‘ng sizda qanday his-tuyg‘ular bo‘ldi?

- Jamoa safiga qaytganimdan juda xursandman. Jamoadoshlarim bilan birga to‘p surish, mashg‘ulot va o‘yinlarda ishtirok etish — bu butunlay boshqa bir tuyg‘u. Qaytganimdan baxtiyorman, chunki hayotimni futbolsiz tasavvur qila olmayman.

- Tiklanish jarayoni qanday o‘tdi? Axir siz deyarli yarim yil maydonda yo‘q edingiz...

- Tiklanish jarayoni oson kechdi deb aytolmayman. O‘zing bilan kurashish, og‘riq va qiyinchiliklar bo‘ldi, lekin aynan shu holatlar meni yanada kuchliroq qildi, deb o‘ylayman. Nima bo‘lsa ham – yaxshilikka. Tiklanishimda yordam bergan insonlarga, oilamga, yaqinlarimga, do‘stlarimga rahmat aytaman — ular doim yonimda bo‘lishdi.

- Safga qaytganingizdagi ilk o‘yinda maydon markazida yaxshi o‘yin ko‘rsatganingiz ko‘zga tashlandi. Ikkinchi — "Sho‘rtan"ga qarshi bahsda esa gol muallifiga aylandingiz. "Neftchi" va "Sho‘rtan"ga qarshi ilk o‘yinlaringiz haqida nima deya olasiz?

- Tanaffusdan so‘ng yana maydonga chiqish — bu men uchun ta'riflab bo‘lmas darajada yoqimli tuyg‘u bo‘ldi. Futbolchi uchun eng katta baxt — bu maydonda bo‘lish. Albatta, dastlabki o‘yinlar oson kechmadi: hali optimal formamda emas edim, ayrim xatolar ham bo‘ldi. Lekin men bu jarayonga jiddiy yondashdim, har bir daqiqani qadrladim va eng muhimi — o‘zimga bo‘lgan ishonchni yo‘qotmadim. Sho‘rtanga qarshi gol urganim esa – bu mehnatimning birinchi mevasi deb bilaman.

- Hozirda "Surxon" Superligada 8-o‘rinda bormoqda. Sizningcha, oldimizda turgan yetti jamoani quvib yetish imkoniyati bormi?

- Albatta. Agar mehnat qilsak, o‘z ustimizda tinimsiz ishlasak va xatolar ustida jiddiy ishlashda davom etsak — biz etakchi jamoalarni quvib yetishimiz, hatto ortda qoldirishimiz mumkin. Eng muhimi — ishonch va jamoaviy birlik.

- Bu mavsumdan boshlab O‘zbekiston chempionati yana 16 klub formatiga qaytdi. Bu o‘zgarish chempionatni kuchliroq va raqobatbardoshlikni oshirishga xizmat qiladimi?

- Menimcha, bu chempionat yanada kuchliroq bo‘ladi. Qancha ko‘p raqobat va o‘yin bo‘lsa, shuncha ko‘p o‘sish bo‘ladi. Aynan shunday sharoitlarda futbolchi sifatida shakllanish va rivojlanish mumkin. E'tibor bergan bo‘lsangiz, so‘nggi yillarda Superligada raqobat kuchaydi. Ko‘plab jamoalar chempionlik va medallar uchun kurashmoqda.

- Ma’lumki, siz Doston Tursunov bilan juda yaqin do‘stsiz va ko‘pincha futbol adabiyotlarini o‘qiyotgan holatingizni ko‘rish mumkin. Qaysi kitoblarni afzal ko‘rasiz?

- Doston Tursunov bilan sportchilar avtobiografiyasi haqidagi kitoblarni o‘qishni yoqtiramiz. Ammo rostini aytsam, so‘nggi paytlarda hali kitob o‘qishga ulgurmadim. Hozirda ko‘proq u bilan shaxmat va PlayStation o‘ynaymiz.

- Murabbiylar tandemi — Davletov va Kudryashov haqida nima deya olasiz? Ularning futbol falsafasi sizda qanday taassurot qoldirgan?

- Davletov va Kudryashov murabbiylar tandemi — professional ishidan iborat. Ularning futbolga bo‘lgan yondashuvi aniq, tartibli va zamonaviy. Har bir mashg‘ulot puxta rejalashtirilgan, jamoa ichida intizom va sog‘lom raqobat muhiti yaratilgan. Eng muhimi — ular har bir futbolchining salohiyatiga ishonishadi va uni ochishga harakat qilishadi. Ular bilan ishlash — bu barcha futbolchilar uchun katta tajriba va o‘sish imkoniyati.

- 2025 yil "Surxon" uchun tarixiy yil bo‘ldi. Jamoa yana "Surxon Arena"ga qaytdi va o‘z muxlislari qarshisida o‘ynay boshladi. Stadion haqidagi ilk taassurotingiz qanday bo‘ldi?

- "Surxon Arena"da o‘ynash nafaqat futbolchilar, balki muxlislar uchun ham yoqimli bo‘lsa kerak. Biz o‘z stadionimizga qaytishni ancha kutgan edik. Endi esa bu yerda barcha sharoitlar yaratilgan — maydon sifati, muhit, muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi bizga alohida motivatsiya beradi.

- Sizning pozitsiyangizda to‘p suradigan qaysi futbolchilar sizning sevimli o‘yinchilaringiz?

- Hozirgi kunda menga Pedri va Rodri kabi futbolchilarning o‘yini juda yoqmoqda. Ularning futbol mahorati butunlay boshqa darajada. Har ikki futbolchi ham o‘yinni aql bilan boshqaradi, to‘pni nazorat qilish, pozitsion o‘yin, to‘g‘ri qaror qabul qilish borasida juda kuchli. Ularning o‘yin uslubi menga ilhom beradi va o‘zimni ham shu yo‘nalishda rivojlantirishga intilaman.

- "Surxon"ni 3 ta so‘z bilan tariflab bering.

- Birlik, tirishqoqlik, g‘alaba.

Blits-savollar:

- O‘zbekiston terma jamoasining TOP-3 futbolchisi?

- Milliy jamoamizdagi barcha futbolchilar kuchli va o‘z o‘rniga ega. Shunga qaramay, kuchli uchlikni aytadigan bo‘lsam — bu Eldor Shomurodov, O‘tkiir Yusupov va Otabek Shukurov.

- "Surxon" jamoasining TOP-3 o‘yinchisi?

- Jamoamizda ham saviyasi yuqori futbolchilar juda ko‘p. Uchtasini ajratib ko‘rsatish qiyin, lekin baribir Doston Tursunov, Azizbek Jumayev va Ulug‘bek Shamsiyev alohida e'tiborga loyiq, deb o‘ylayman.

- Siz "Surxon" tarkibida 3 ta gol urgansiz. Qaysi biri eng esda qolarli bo‘lgan?

- Eng esda qolarli lahza Superligadagi birinchi golim (Superliga-2023, 4-tur, "Surxon" - "Buxoro" - 2:0. Sherbutaev jamoamizning 2-golini urgandi). Bu men uchun unutilmas tuyg‘u bo‘lgan, chunki u nafaqat shaxsiy yutuq, balki mehnatning samarasi edi.

- Muxlislarga tilaklaringiz

- Muxlislarga katta rahmat — ular har bir o‘yinimizga uzoq yo‘l bosib kelishadi. G‘alaba yoki mag‘lubiyat, yaxshi yoki yomon kunlarda ham bizni qo‘llab-quvvatlashadi. Biz birgamiz — va birgalikda kuchliroqmiz.

Bahrom Bobonov
Bahrom Bobonov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting