locale OZ
locale OZ
Mehmon
Mehmon Izoh qoldirish uchun kiring yoki ro'yxatdan o'ting
Menyu

Vitaliy Levchenko: \"Neftchi\" chempionlik uchun kurashmoqda\"

Futbol 24 iyn 2025 da 13:10
Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Vitaliy Levchenko: "Neftchi" chempionlik uchun kurashmoqda"
Photo: Mashal PFk

Oʻzbekiston kubogi 1/8 finalidan oʻrin olgan "Neftchi" – "Mash'al" (0:1) uchrashuvidan soʻng mezbonlar bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko matbuot anjumanida qatnashdi.

– "Mash'al"ni gʻalaba bilan tabriklayman. Bugun hududiy jihatdan katta ustunlikka ega boʻldik, ammo bu natijaga aks ettira olmadik. Kamdan-kam uchraydigan holatda gol oʻtkazdik – standart vaziyatda yetarli konsentratsiyani saqlay olmadik. Yigitlarga e'tiroz bildiradigan joyim yoʻq. Ular yaxshi harakat qilishdi, ammo realizatsiya muammo boʻldi.

– Jamoada ichkarida qandaydir ommadan yashirilayotgan holatlar borga oʻxshaydi. Eldor Suyunov birdan yoʻqolib qoldi. Zoran Marushich yoʻq, Farruh Sayfiyev yoʻq. Shu holatga yaxshiroq izoh bersangiz? Ularning jarohatda emasligini bilamiz...

– Kim nimani berkitmoqda? Suyunovda jarohat bor, u operatsiya qilindi va Toshkentda tiklanmoqda. Sayfiyev ham terma jamoadan jarohat bilan keldi, Marushichda ham tiklanish jarayoni. Muammolar, jarohatlar bor. Hech nimani yashirmayapmiz, istalgan savolingiz boʻlsa, men javob beraman.

– Biz "Neftchi"ning matbuot anjumanlariga kirmay qoʻygandik. Chunki bizga "Bunyodkor"ga qarshi oʻyindan keyin murabbiylar shtabi tomonidan bosim boʻlgan. Shtab bizning tanqidlarimizni toʻgʻri qabul qila olmagan. Bugun ham kirmoqchi emas edik, ammo bugun biz oʻz tanqidlarimiz qanchalik toʻgʻri boʻlganini isboti bilan koʻrib turibmiz. Fargʻonalik muxlislar "Neftchi"ning ertangi kuni qanday boʻlishiga qiziqishmoqda. Men aynan shu savolni murabbiyning oʻzidan soʻramoqchiman.

– Bosim aynan kim tomonidan boʻlgan edi? Menmi?

– Darvozabonlar murabbiyi Farruh Berdiyev va sizning yordamchi murabbiyingiz tomonidan bizga bosim boʻlgan.

– "Neftchi"ning kelajagi yaxshi boʻladi. Hammasi joyida.

– "Qizilqum" va "Dinamo"ga qarshi oʻyinda gʻalaba qozonsak, birinchi davrani yaxshi yakunlashimiz mumkin. Shuni hisobga olgan holda "Neftchi"ning chempionlik imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

– Gʻalaba uchun boramiz bu oʻyinlarga. Hozir esa tiklanish kerak. "Buxoro" va "Mash'al" bilan qiyin oʻyinlar oʻtkazdik. Vaqt kam, xatolar ustida ishlash, tiklanish kerak. Bugun golga individual xato sabab boʻldi, ammo oʻyinda yigitlar yaxshi harakat qilishdi. Bizning hozirgi maqsadimiz – tiklanish.

– "Neftchi" tarkibida nomdor futbolchilar bor, ammo ular oʻz darajalarida oʻynay olishmayapti. Bunga sabab nima?

– Oʻyinchilar borasida gapiradigan boʻlsak, tarkibga endigina qaytgan futbolchilar bor. Yovovich birinchi oʻyiniga qadar atigi 1-2 kun mashgʻulot olib bordi. Bugun u maydonga tushdi, u jismoniy holatini tiklashi kerak. Menga shu holatda boʻlgan ba'zi oʻyinchilarni maydonga tushirmaysiz deb aytasiz. Mashgʻulotlar jarayonida ular formalarini tiklab olishadi. Bizdagi ba'zi oʻyinchilar uchrashuvlar davomida katta energiya sarflashadi, ularning tiklanishiga vaqt kerak boʻladi. Bundan tashqari, yosh masalasi ham bu oʻrinda muhim. Shunga oʻxshash muammolar bizda bor. Hozir havo ham juda issiq. Men bu omillarni bahona sifatida ishlatmoqchi emasman. Men shunchaki vaziyatga toʻgʻri baho berishingizni xohlayman.

– "Neftchi" chempionat boshida muxlislar tashrifi boʻyicha yuqori oʻrinlarda edi. Hozir esa koʻrsatilayotgan natija va oʻyin sifati sababli muxlislar oqimi borgan sari kamayib bormoqda. "Neftchi"dan kelajakda nima kutishimiz mumkin? Chempionatda doim yuqori oʻringa kurashamiz deb va'da beriladi. Jamoaga pul tikilmoqda, futbolchilar koʻngildagidek. Oʻzbekistonning eng kuchli tarkibi bilan natija koʻrsata olmayapmiz. Muxlislar tomonidan bildirilgan e'tirozlarga esa klub tomonidan javob berilmayapti. Bugun ham muxlislarning e'tirozlariga guvoh boʻldik. Bu masalalarga janob Levchenko qanday javob beradi?

– "Neftchi" chempionlik uchun kurashmoqda. Har bir jamoada qiyin vaziyatlar boʻladi. Koʻtarilish va tushish boʻlishi tabiiy. Shunchaki ishlashda davom etish lozim. Optimizmsiz oldinga intilib boʻlmaydi. Bitta uchrashuvga qarab fikr chiqarish notoʻgʻri. Masofa uzoq, chempionat davomida koʻp narsa oʻzgarib ketishi mumkin. Har bir jamoa nimadir uchun kurashmoqda. Bugun "Mash'al" rotatsiya qildi va oʻyinda gʻalaba qozondi.

– Jamshid Iskanderovni ikkinchi boʻlim boshida almashtirib yuborishingizga sabab nima? U oʻyinning kerakli vaziyatlarida masalani hal qilishi bilan ajralib turadi. Bugun esa Jamshidni ikkinchi boʻlim boshida almashtirib yuborildi, ikkinchi boʻlimda esa juda koʻp vaziyatlarda Iskanderov kabi oʻyinchilar yetishmayapti. Bu qarorning sababi nima?

– Biz oldingi chiziqni kuchaytirmoqchi boʻldik. Gʻiyosovda tezlik bor. U oldingi shiddat qoʻshishi reja qilindi. Unda ajoyib vaziyat ham boʻldi. Iskanderovga kelsak, u boshqacharoq tipdagi oʻyinchi. Biz oʻyinga agressiya qoʻshmoqchi edik. Oʻyinchi bu vaziyatlardan foydalanadimi yoʻqmi bu boshqa masala. Muhammadali oʻz vaziyatidan foydalanib ketishi mumkin edi.

– Tabatadze va Marushich tekin oʻynamaydi. Lekin ularning oʻyini umuman qovushmayapti. Ikkinchi davrada hujumni kuchaytirish reja qilinyaptimi?

– Keling, avval birinchi davrani tugatib olaylik. U yogʻiga koʻramiz, - deya bosh murabbiy fikrini keltirmoqda "Mash'al" klubi matbuot xizmati.

Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting