Van Deyk: «Qizil kartochka o‘yinning borishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi»
«Liverpul» himoyachisi Virjil van Deyk APL 6-turidan o‘rin olgan «Manchester Siti» (0:3) bilan o‘yindan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
«Menimcha, birinchi bo‘lim biz uchun yaxshi o‘tdi, yuqori sur’at va shiddat bilan o‘ynadik. Qarshi hujumlarga o‘tgan ayrim vaziyatlarimizda yanada yaxshiroq harakat qilishimiz mumkin edi. Rostini aytsam, juda xavfli vaziyatlar yaratdik, deb o‘ylamayman, ammo, nazarimda, g‘alaba qozonishni istashimizni ko‘rsata oldik.
Ikkinchi bo‘limda ham xuddi shu tarzda o‘ynashga harakat qildik. Afsuski, qizil kartochka o‘yinning borishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Ayniqsa, shundan keyin darhol to‘p o‘tkazib yuborganimizni hisobga olsak», — deya mersisaydliklar sardorining so‘zlarini keltiradi Sky Sports.