UEFA medallar yetmay qolgani uchun “Tottenhem”dan uzr so'radi
UEFA Yevropa Ligasining 2024/2025-yilgi mavsum finalining taqdirlash marosimida medallar yetmay qolgani uchun “Tottenhem”dan uzr so'radi.
Eslatib o'tamiz, “shporlar” sardori Son Xyon Min va yana ikki nafar futbolchiga medallar yetmay qolgandi. Son kubokni medalsiz boshi uzra ko'targandi.
“Afsuski, taqdirlash marosimida o'yinchilar sonidagi kutilmagan tafovut sabab sahnada taqdim etish uchun yetarlicha medallar qolmadi.
Medallar darhol kiyinish xonasida g'oliblarga topshirildi. Nazoratsizlik uchun chin dildan uzr so'raymiz”, - deyiladi xabarda.
Yevropa Ligasi finalida “Tottenhem” “Manchester Yunayted”ni 1:0 hisobida mag'lub etib, uzoq kutilgan chempionlikni qo'lga kiritdi. Shuningdek, “shporlar” keyingi mavsum Chempionlar Ligasida ishtirok etish huquqiga ega bo'ldi.