Ronaldu «An Nasr»ga oʻtganidan buyon oʻzi ishtirok etgan 14 ta turnirning barchasida chempionlikdan mahrum boʻldi
Portugaliyalik afsonaviy hujumchi Krishtianu Ronaldu Saudiya Arabistoniga koʻchib oʻtganidan buyon oʻzi ishtirok etgan 14 ta turnirning barchasida chempionlikdan mahrum boʻldi. Navbatdagi muvaffaqiyatsizlik Osiyo chempionlar ligasi-2 finalida yuz berdi — unda «An Nasr» Ar-Riyoddagi «Kingdom Arena» stadionida Yaponiyaning «Gamba Osaka» klubiga kichik (0:1) hisobda imkoniyatni boy berdi.
Krishtianu Ronaldu 2023 yilning yanvar oyidan buyon «An Nasr» sharafini himoya qilib kelmoqda. Oʻtgan vaqt ichida u quyidagi musobaqalarda bosh sovrinni qoʻlga kirita olmadi:
Saudiya Pro-ligasi: 2022/23, 2023/24, 2024/25.
Saudiya Arabistoni Kubogi: 2022/23, 2023/24, 2024/25, 2025/26.
Saudiya Superkubogi: 2022, 2023, 2024.
Osiyo chempionlar ligasi (OChL): 2023/24, 2024/25.
Osiyo chempionlar ligasi-2 (OChL-2): 2025/26.
Ammo Ronalduning Saudiyadagi «qora seriyasi»ga tez orada chek qoʻyilishi mumkin. Sababi, shu hafta payshanba, 21 may kuni Saudiya Pro-Ligasining 2025/2026 yilgi mavsumiga yakun yasaladi.
Chempionat tugashiga atigi bir tur qolganda «An Nasr» turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda va eng yaqin taʼqibchisi «Al Hilol»ni 2 ochkoga ortda qoldirmoqda. Soʻnggi hal qiluvchi turda Krishtianu Ronaldu jamoasi «Damak» klubiga qarshi maydonga tushadi. Agar «An Nasr» gʻalaba qozonsa, Ronaldu nihoyat Saudiyadagi ilk rasmiy va eng nufuzli sovrinini qoʻlga kiritadi.