RFEF “Osasuna”ning “Barselona” ustidan bergan shikoyatini rad etdi
Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasi (RFEF) “Osasuna”ning “Barselona”ga qarshi La Liganing 27-turida Inigo Martinesni maydonga tushirgani uchun bergan shikoyatini rad etdi. Bu haqda Mundo Deportivo nashri xabar bermoqda.
“Osasuna”ning qayd etishicha, kataloniyaliklar FIFA reglamentiga zid ish qilgan. Ya'ni, tibbiy sabablarga ko'ra terma jamoani tark etgan futbolchi xalqaro tanaffus tugaganidan keyin besh kalendar kunida o'z klubida o'ynash huquqiga ega emas.
Ta'kidlanishicha, RFEF Martines 17-mart kuni tibbiy sabablarga ko'ra Ispaniya terma jamoasi lagerini tark etganini e'lon qilgan.
Manbaga ko'ra, RFEF har ikki tomonning dalillarini o'rganib chiqqan va Martinesning terma jamoadan chetlatilishi belgilangan tartib asosida amalga oshirilganini tasdiqlagan.
Ta'kidlanishicha, agar klub futbolchini terma jamoaga qo'yib yuborishdan bosh tortsa yoki uning o'zi buni rad etsa, besh kunga klub o'yinlarida ishtirok eta olmaydi.