«Real» KONKAKAFga murojaat qilib, «Vilyarreal» — «Barselona» oʻrtasidagi bahsni qoldirishni soʻradi
Madridning «Real» klubi KONKAKAFga rasmiy murojaat yoʻllab, La Liganing 17-turidan oʻrin olgan «Vilyarreal» va «Barselona» oʻrtasidagi bahsni oʻz hududida oʻtkazmaslikni soʻradi. Bu haqda Cadena Ser nashri xabar bermoqda.
Manbaga koʻra, «qirollik klubi» vakillari oʻyin Ispaniyadan tashqarida oʻtkazilishi musobaqaning halollik tamoyiliga zid deb hisoblamoqda.
Avvalroq «Real» Ispaniya Milliy sport kengashiga (CSD) mazkur oʻyinni chet elda oʻtkazishga qarshi ikkinchi shikoyatini topshirgan edi. Birinchi murojaat esa ikki oydan beri byurokratik kechikish sabab ko‘rib chiqilmayapti.
Eslatib oʻtamiz, «Vilyarreal» va «Barselona» jamoalari oʻrtasidagi bahs 20 dekabr kuni AQShning Mayami shahridagi «Hard Rock» stadionida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan.