Rasman: «Barselona» De Yong bilan shartnomani uzaytirdi
Kataloniyaning «Barselona» klubi niderlandiyalik yarimhimoyachi Frenki de Yong bilan yangi mehnat shartnomasini imzoladi. Bu haqda «ko’k-anorranglilar» matbuot xizmati rasman eʼlon qildi.
Manbaga koʻra, tomonlar oʻrtasida 2029 yilga qadar moʻljallangan yangi bitim tuzilgan.
Eslatib oʻtamiz, 28 yoshli futbolchi 2019 yildan buyon «Barselona»da toʻp surmoqda. Bu davr ichida u La Ligada 183 ta oʻyinda maydonga tushib, 14 ta gol va 16 ta golli uzatma muallifiga aylandi.
Niderlandiyalik yarimhimoyachi kataloniyaliklar bilan birga ikki marta La Liga chempioni boʻldi, shuningdek, mamlakat kubogi va Superkubogi ham qoʻlga kiritdi.
Oʻtgan mavsumda De Yong barcha turnirlarda 46 ta oʻyin oʻtkazib, 2 ta gol urdi va 2 ta assistni o'z nomiga yozdirib qoʻydi.