locale OZ

Rahimjon Davronov: «Vodiy muxlislarini mutlaqo mubolag‘asiz o‘zbek futbolining yuragi deyish mumkin»

"Qo'qon-1912" jamoasining yangi a'zosi Rahimjon Davronov bilan eksklyuziv suhbat.
Rahimjon Davronov: «Vodiy muxlislarini mutlaqo mubolag‘asiz o‘zbek futbolining yuragi deyish mumkin»
photo: Qo'qon-1912

"Qo'qon-1912" jamoasining yangi a'zosi Rahimjon Davronov bilan eksklyuziv suhbat.

"Qo'qon-1912"dan taklif tushganda, ushbu klubga o'tish qarorini qabul qilishingizga nima eng asosiy turtki bo'ldi? Loyihami, murabbiy ishonchimi yoki vodiy futboli muhitimi?

— "Qo'qon-1912" — o‘zining buyuk tarixi, sodiq muxlislari va har doim yuqori maqsadlar sari intiladigan xarakteri bilan ajralib turadigan klub. Qaror qabul qilishimda murabbiylar shtabining menga bildirgan ishonchi eng asosiy omil bo‘ldi. Endigi vazifam — ushbu ishonchni har bir o‘yinda, yashil maydonda harakatlarim bilan oqlash.

Faoliyatingizning katta qismini aynan vodiy jamoalarida o'tkazyapsiz. Vodiy futboli o'zining ashaddiy va talabchan muxlislari bilan mashhur. Bunday bosim va tribunalarning jo'shqinligi sizga qo'shimcha adrenalin beradimi yoki mas'uliyat yukini oshiradimi?

— Vodiy muxlislarini mutlaqo mubolag‘asiz o‘zbek futbolining yuragi deyish mumkin. Ularning har qanday o‘yindagi tinimsiz qo‘llab-quvvatlashi menga faqat va faqat qo‘shimcha kuch bag‘ishlaydi. Men buni bosim emas, aksincha, yelkamdagi ulkan mas’uliyat va maydonda borimni berib o‘ynash uchun eng kuchli motivatsiya deb bilaman.

Har bir jamoada 1-raqam bo'lish uchun jiddiy kurash ketadi. "Qo'qon-1912" darvozabonlar chizig'idagi raqobat haqida qanday fikrdasiz?

— Sog‘lom raqobat bor joyda har doim o‘sish va taraqqiyot bo‘ladi. Men har kuni mashg‘ulotlarda o‘z ustimda tinimsiz ishlayapman. Tarkib borasida esa murabbiy qaror qiladi — kim eng tayyor va munosib bo‘lsa, o‘sha maydonga tushadi. Mening maqsadim — har qanday daqiqada jamoaga maksimal foyda keltirishga tayyor turish.

Agar qo'qonlik ashaddiy muxlis sizni ko'chada to'xtatib, "Nega aynan bizning klubni tanladingiz?" deb so'rasa, unga 3 ta so'z bilan qanday javob bergan bo'lardingiz?

—Ishonch. Maqsad. G‘alaba.

Yangi jamoaga kelgan har bir futbolchi o‘z oldiga aniq maqsadlar qo‘yadi. Siz "Qo'qon-1912" tarkibida qanday marralarni ko'zlayapsiz?

— Birinchi navbatda — jamoamiz, murabbiylar shtabi va muxlislarning to‘liq ishonchini qozonish. Shaxsiy maqsadlarimga kelsak, "quruq o‘yinlar" sonini imkon qadar ko‘paytirib, "Qo'qon-1912"ning turnir jadvalida yuqori o‘rinlar uchun kurashishiga munosib hissa qo‘shish.

Agar darvozabon bo'lmaganingizda, maydonning qaysi nuqtasida o'ynagan bo'lardingiz va nima uchun?

— Katta ehtimol bilan markaziy himoyachi bo‘lardim. Chunki darvozabonlik kabi, bu chiziqda ham o‘yinni chuqur o‘qish, maydonni to‘liq ko‘ra olish, vaziyatni soniyalar ichida baholash va butun jamoa himoyasini boshqarish talab etiladi. Bu mas’uliyat menga juda yaqin.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting