locale OZ

Oʻzbekiston U-17 toʻrtinchi bor mundialda ishtirok etadi. Oldingi musobaqalarni yodga olamiz

Futbol
Farhod Fayziyev
Farhod Fayziyev
Ekspert
Oʻzbekiston U-17 toʻrtinchi bor mundialda ishtirok etadi. Oldingi musobaqalarni yodga olamiz
Oʻzbekiston U-17 toʻrtinchi bor mundialda ishtirok etadi. Oldingi musobaqalarni yodga olamiz

Islombek Ismoilov boshchiligidagi Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi Saudiya Arabistonida oʻtayotgan Osiyo kubogida chorak finalga chiqish bilan birgalikda Jahon chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Shunday qilib oʻsmirlarimiz oʻz tarixida toʻrtinchi marta U-17 Jahon chempionatiga qatnashadigan boʻldi. Xoʻsh, oldingi uchta mundial biz uchun qanday oʻtgan? Keling bir boshidan yodga olamiz.

Meksika-2011

2011 yilning yozida Meksika davlati oʻsmirlar oʻrtasidagi mundialga mezbonlik qilgan. Aleksey Evstafyev boshchiligidagi Oʻzbekiston terma jamoasi yurtimizda oʻtgan Osiyo kubogida finalga qadar yetib borish orqali mundial chiptasini ham qoʻlga kiritgan edi.

Musobaqani Yangi Zelandiyadan uchralgan yirik magʻlubiyat (1:4) bilan boshlagan Oʻzbekiston keyingi ikkita bahsda dastlab AQSH (2:1), soʻngra Chexiya (2:1) ustidan gʻalabalarga erishib nimchorak finalga chiqishga erishgandi. Bu bosqichda vakillarimiz Avstraliyani tor-mor etishgandi - 4:0. Chorak finalda esa Urugvayga imkoniyat boy berilgan - 0:2.

Yakunda Urugvay finalga qadar yetib borgan va mezbon Meksikaga yutqazgan xolos. Oʻsha mundialda Oʻzbekiston safida Timur Hakimov va Abbosbek Maxtaliyev kabi futbolchilar porlab chiqishgandi. Shu tariqa, oʻsmirlarimiz debut musobaqadayoq dunyoning eng kuchli 8 ta jamoasidan biriga aylanishgandi. Yurtimizga qaytgach hukumatimiz tomonidan murabbiylar va futbolchilarga jami 16 ta avtomobil sovgʻa qilingan edi.

BAA-2013

2012 yildagi Osiyo kubogida Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi Dilshod Nuraliyev boshchiligidagi chempion boʻlishgani koʻpchilikning yodida boʻlsa kerak. Vakillarimiz oltin medallar bilan birgalikda 2013 yil Birlashtirilgan Arab Amirliklari mezbonlik qilgan kichik mundialda ishtirok etish huquqini ham qoʻshlga kiritishgandi.

Guruh bosqichini Panama ustidan qoʻlga kiritilgan gʻalaba bilan boshlaganmiz - 2:0. Soʻngra Afrikaning Marokash terma jamoasi bilan durang qayd etilgan - 0:0. Oxirgi turda Alen Xalilovich boshchiligidagi Xorvatiya taslim qilingan edi - 2:1. Guruhda magʻlubiyatga uchramay nimchorak finalga chiqqan oʻsmirlarimizdan 2011 yildagi natija yaxshilanishini kuta boshlagandik. Biroq 1/8 finalda bizga raqiblik qilgan Gonduras terma jamoasi bitta gol orqali Oʻzbekistonni anchagina erta uyiga qaytishiga sababchi boʻlgandi. Oʻsha bahsda 24-daqiqada chexiyalik bosh hakam Pavel Kralovets oʻzbekistonlik himoyachi Akromjon Komilovni maydondan chetlatgan va jamoamiz deyarli 70 daqiqa 10 kishi boʻlib oʻynashga majbur boʻlgandi. Bu mundialda Rustamjon Ashurmatov, Odiljon Hamrobekov, Jamshid Boltaboyev, Dostonbek Hamdamov, Otabek Shukurov va Javohir Sidiqov kabi futbolchilar ishtirok etishgan edi. Ularning koʻpchiligi ayni paytda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi yetakchilari hisoblanadi.

Indoneziya-2023

BAAda oʻtgan mundialdan keyin oʻsmirlar terma jamoasi ketma-ket uchta Jahon chempionatiga chiqa olmadi. Jamoliddin Rahmatullayev boshchiligidagi Oʻzbekiston terma jamoasi Tailandda oʻtgan Osiyo kubogida yarim finalga qadar yetib bordi va oʻsmirlarimiz 10 yillik tanaffusdan keyin yana mundial yoʻllanmasi qoʻlga kiritishdi.

Indoneziyada oʻtgan Jahon chempionatini vakillarimiz Afrikaning Mali jamoasiga qarshi oʻyin bilan boshlashdi va kutilmaganda yirik magʻlubiyatni qabul qilib olishdi - 0:3. Keyingi turda Kanada 3:0 hisobida taslim etildi va ilk bahsdagi magʻlubiyat tasodif ekani isbotlandi. Guruhdagi oxirgi bahsda Evropaning Ispaniya jamoasiga qarshi oʻyinda 0:2 hisobida ortda borib, yakunda 2:2 hisobi qayd etgan Rahmatullayev shogirdlari 3-oʻrin bilan 1/8 finalga chiqishdi. Bu bosqichda jamoamiz Angliyaga toʻqnash keldi va 2:1 hisobida sensatsion gʻalabani tantana qildi. Oʻsha uchrashuvda Angliya jamoasi safida oʻynagan Etan Nvaneri hamda Mayls Lyuis-Skelli kabi yigitlar vakillarimizga qarshi hech nima qila olishmadi. Ular bugungi kunda "Arsenal"ning asosiy futbolchilari hisoblanishadi.

Chorak finalga chiqish orqali Oʻzbekiston oʻsmirlari 2011 yil Meksikadagi natijani takrorlashdi. Afsuski bu safar ham yarim finalga chiqish nasib qilmadi. Fransiyaga qarshi bahs 83-daqiqada oʻtkazib yuborilgan gol tufayli magʻlubiyatga aylandi - 0:1. Yakunda bizni yutgan Fransiya mundial finaliga qadar yetib bordi va kumush medallarni qoʻlga kiritdi. Bu Jahon chempionatida MuhammadYusuf Sobirov, Azizbek Toʻlqunbekov, Behruz Jumayev, Dilshod Abdullayev, Ollabergan Karimov, Lazizbek Mirzayev, Amirbek Saidov kabi futbolchilar porlab chiqishdi. Ayniqsa Lazizbek Mirzayevning Angliyaga jarima toʻpidan urgani gol dunyo ijtimoiy tarmoqlarini "portlatdi".

Qatar-2025

Endi oʻsmirlar oʻrtasidagi mundiallarda sodir boʻlgan oʻzgarishlarga toʻxtalsak. Shu yilning noyabr oyida Qatar mamlakatida oʻtadigan U-17 Jahon chempionatida tarixda ilk bor 48 ta jamoa ishtirok etadi. Musobaqa tashkil etilgan 1985 yildan 2005 yilgacha bu mundialda 16 tadan jamoa qatnashib kelgandi. 2007 yilda jamoalar soni 24 taga yetkazilgandi. Koʻrib turganingizdek bu yil jamoalar soni ikki baravarga koʻpaytirildi.

Bundan tashqari endi bu musobaqa har ikki yilda emas, har yili oʻtkaziladigan boʻlmoqda. 2025-2029 yillar oraligʻidagi ketma-ket beshta mundialni Qatar qabul qiladi. Islombek Ismoilov boshchiligidagi Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasiga deyarli yangilangan musobaqada omad tilaymiz.

Sport — bir bosishda!
Jamiyatlarimizga obuna bo‘ling va sport voqealaridan xabardor bo‘ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting