Myuller: «Buni men uchun eng asosiy final deb hisoblayman»
«Vankuver Uaytkaps» hujumchisi Tomas Myuller MLS Kubogida g‘alaba qozonishning o‘z karerasi uchun naqadar muhimligini izohladi. Finalda Kanada klubi AQShning «Inter Mayami» jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
«Hozir men uni eng asosiy final deb hisoblayman, chunki biz aynan shu o‘yin haqida gapiryapmiz. U muqarrar. Hozir men uchun bu final — hayotimdagi eng muhim voqea. Zo‘r jumla, to‘g‘rimi?» — deya Myullerning so‘zlarini keltiradi Mundo Deportivo.
Agar «Vankuver» g‘alaba qozonsa, Myuller tarixda Jahon chempionati va MLS Kubogini qo‘lga kiritgan ilk futbolchiga aylanadi. Agar finalda «Inter Mayami» zafar quchsa, bu yutuqqa Lionel Messi, Rodrigo De Paul va Serxio Buskets erishadi.
Ushbu mavsumda Kanada klubi KONKAKAF Chempionlar Kubogi doirasida amerikaliklarni ikki bor mag‘lub etgan (2:0, 1:3).