Mbappe Ronalduning rekordini yangilashiga bir qadam qoldi
Fransiyalik hujumchi Kilian Mbappe 2025 yil davomida «Real» safidagi 58-golini urdi. Futbolchi Ispaniya Kubogidagi «Talavera»ga qarshi bahsda (3:2) dubl qayd etdi.
Shu tariqa Mbappe «Real» tarixida bir kalendar yil ichida urilgan gollar bo‘yicha Krishtianu Ronaldu rekordiga juda yaqinlashdi. Portugaliyalik futbolchi 2013 yilda 59 ta gol urgan edi. Mbappe esa undan atigi bitta gol ortda qolmoqda.
2025 yil oxirigacha «Real» yana bitta uchrashuv o‘tkazadi — La Liga doirasida «Sevilya»ga qarshi.
Mbappe 2024 yildan buyon «Real» sharafini himoya qilib kelmoqda. Uning klub bilan tuzgan shartnomasi 2029 yilgacha amal qiladi. Joriy mavsumda fransiyalik futbolchi barcha turnirlarda 26 ta o‘yin o‘tkazib, 29 ta gol va 4 ta assist muallifiga aylandi.