Krishtianu Ronaldu OCHL-2 finalining eng yomon futbolchisi deb topildi
«An Nasr» hujumchisi Krishtianu Ronaldu Sofascore tahliliy portali talqiniga koʻra, OChL-2 final uchrashuvining eng yomon oʻyinchisi boʻldi. Ar-Riyoddagi «Kingdom Arena» stadionida kechgan bahsda Saudiya Arabistoni klubi Yaponiyaning «Gamba Osaka» jamoasiga kichik 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Ushbu oʻyinda 90 daqiqa maydonda harakat qilgan portugaliyalik yulduz 5,9 ballga loyiq koʻrildi — bu har ikki jamoaning asosiy tarkibdagi 22 nafar futbolchisi va zaxiradan maydonga tushgan 10 nafar oʻyinchisi orasidagi eng past koʻrsatkichdir.
Mazkur boy berilgan kubok Ronaldu uchun Saudiya Arabistoniga koʻchib oʻtganidan buyon qoʻldan chiqarilgan 14-boʻldi.
Shunday boʻlsa-da, «An Nasr» jamoasi mavsumdagi bosh sovrinni qoʻlga kiritish uchun juda yaqin turibdi. Shu hafta payshanba kuni, ya’ni 21 may sanasida Saudiya Pro-Ligasi 2025/2026 yilgi mavsumiga yakun yasaladi. Chempionat tugashiga bir tur qolganida «An Nasr» 83 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda va eng yaqin ta’qibchisi «Al Hilol»ni (81) ikki ochkoga ortda qoldiryapti.