locale OZ

Hansi Flik Arauxoning ketishini izohladi: «Uning o‘yin uslubi menga mos emas»

“Barselona” bosh murabbiyi Hansi Flik jamoani tark etishga yaqin turgan Ronald Arauxo haqida fikr bildirib, urugvaylik himoyachining o‘yin uslubi o‘zining futbol falsafasiga mos kelmasligini aytdi.
Hansi Flik Arauxoning ketishini izohladi: «Uning o‘yin uslubi menga mos emas»
photo: gettyimages

“Barselona” bosh murabbiyi Hansi Flik jamoani tark etishga yaqin turgan Ronald Arauxo haqida fikr bildirib, urugvaylik himoyachining o‘yin uslubi o‘zining futbol falsafasiga mos kelmasligini aytdi.

“Barselona” mavsumoldi yig‘ini doirasida “Udineze”ga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lgan uchrashuvdan so‘ng Hansi Flik Ronald Arauxoning jamoani tark etishi borasidagi savollarga javob berdi.

Nemis mutaxassisi markaziy himoyachining sifatlarini e’tirof etgan bo‘lsa-da, uning o‘yin uslubi o‘z talablariga mos kelmasligini ochiq aytdi.

“U ajoyib inson va yuqori saviyadagi futbolchi. Ammo uning o‘yin uslubi men afzal ko‘radigan uslub emas”, — dedi Flik.

Murabbiy, shuningdek, Arauxoning avvalgi xatolar ta’sirida qolib ketganiga ham ishora qildi.

“U o‘tgan xatolarining ta’siriga berilib ketdi. Shunga qaramay, men unga kelajakdagi faoliyatida faqat omad tilayman”, — deya qo‘shimcha qildi germaniyalik mutaxassis.

Arauxo “Liverpul”ga yo‘l olmoqda

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ronald Arauxo sakkiz yillik faoliyatidan so‘ng “Barselona”ni tark etib, “Liverpul”ga ijara asosida o‘tishga yaqin turibdi.

Kelishuvga ko‘ra, urugvaylik himoyachi dastlab bir mavsum ijara asosida harakat qiladi. Shuningdek, mersisaydliklar 2027-yil yozida futbolchini 55 million yevro evaziga to‘liq sotib olish huquqiga ega bo‘ladi.

Flik tarkibni yoshartirish tarafdori

Hansi Flik jamoadagi o‘zgarishlar tabiiy jarayon ekanini ta’kidlab, klub yosh futbolchilarga ko‘proq imkoniyat yaratish yo‘lidan borayotganini aytdi.

“Hayotda ham, futbolda ham o‘zgarishlar bo‘lib turadi. Hozir atrofda turli gap-so‘zlar ko‘p, ammo biz nima istayotganimizni yaxshi bilamiz. Maqsadimiz — jamoani yanada kuchaytirish. Biz xotirjammiz”, — dedi Flik.

Murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, ayrim og‘ir qarorlarni qabul qilishga to‘g‘ri kelgan.

“Ba’zi qiyin qarorlarni qabul qilishimiz kerak edi va men klubga shunday yo‘l tutishni tavsiya qildim. Har bir jamoa vaqt-vaqti bilan yangilanadi. Yosh futbolchilarga joy bo‘shatishimiz zarur”, — dedi u.

Ketayotganlar ro‘yxati kengaymoqda

Arauxoning ketishi “Barselona”dagi tarkib yangilanishining navbatdagi bosqichi bo‘ldi. Avvalroq Robert Levandovski, Mark-Andre ter Shtegen va Markus Reshford ham jamoani tark etgan futbolchilar qatoridan joy olgandi.

Shuningdek, Ispaniya terma jamoasi a’zosi Ferran Torres ham yaqin kunlarda PSJ safiga qo‘shilishi kutilmoqda. Bu esa “Barselona”da katta o‘zgarishlar hali davom etayotganini anglatadi.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting