Fransiya va Paragvay terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv anomal issiq ob-havo sharoitida o‘tishi mumkin
Jahon chempionati — 2026 musobaqasining 1/8 finalidan o‘rin olgan, Filadelfiyada bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Fransiya va Paragvay terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv anomal issiq ob-havo sharoitida o‘tishi mumkin.
L'Équipe nashrining xabar berishicha, sinoptiklar bashoratiga ko‘ra, soyada harorat 36 daraja issiqqacha ko‘tariladi, havo namligini hisobga olganda esa issiqlik bundan ham yuqori darajada seziladi.
Nashrning yozishicha, iqlim nazorati tizimi bilan jihozlanmagan ochiq turdagi «Linkoln Faynenshl Fild» stadionida nafaqat futbolchilar, balki tomoshabinlar xavfsizligi ham jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. FIFA o‘yin davomida maxsus suv ichish tanaffuslarini o‘z ichiga olgan salqinlatish protokollarini ishga solishni rejalashtirgan. Biroq FIFPRO futbolchilar kasaba uyushmasi va olimlar bu choralarni yetarli emas deb hisoblashmoqda — ular havo harorati 28°C dan yuqori bo‘lganda o‘yinlarni boshqa muddatga ko‘chirishni talab qilishmoqda.
FIFAning amaldagi qoidalariga ko‘ra, agar nam termometr bo‘yicha harorat 32°C ga yetsa, o‘yin qoldirilishi mumkin. Biroq ayni damda uchrashuvni ko‘chirish bo‘yicha hech qanday rasmiy qaror qabul qilinmagan.