Fransiya — Paragvay uchrashuvi kuchli issiq sabab xavf ostida
2026 yilgi Jahon chempionati 1/8 finali doirasida o'tkaziladigan Fransiya — Paragvay bahsi anomal issiq sharoitida bo'lib o'tishi mumkin. Bu haqda L'Équipe xabar berdi.
Manbaga ko'ra, 5 iyul kuni Filadelfiya shahrida soyada havo harorati 36°C gacha ko'tarilishi kutilmoqda. Yuqori namlik tufayli seziladigan harorat esa bundan ham yuqori bo'ladi.
Bu holat nafaqat futbolchilar, balki ochiq osmon ostida joylashgan "Lincoln Financial Field" stadionidagi muxlislar xavfsizligi bo'yicha ham jiddiy xavotir uyg'otmoqda. Arena konditsioner tizimi bilan jihozlanmagan.
Ma'lum qilinishicha, FIFA sovutish protokollarini qo'llashni rejalashtirgan. Ular orasida futbolchilar uchun qo'shimcha suv ichish tanaffuslari ham bor.
Biroq FIFPRO futbolchilar uyushmasi va bir qator olimlar bu choralarni yetarli emas deb hisoblamoqda. Ular havo harorati 28°C dan oshganda uchrashuvlarni boshqa vaqtda o'tkazishni taklif qilmoqda.
Amaldagi FIFA qoidalariga ko'ra, agar nam termometr (WBGT) ko'rsatkichi 32°C ga yetsa, uchrashuvni kechiktirish yoki boshqa vaqtda o'tkazish mumkin.
Hozircha esa Fransiya — Paragvay bahsini qoldirish yoki boshqa vaqtda o'tkazish bo'yicha rasmiy qaror qabul qilinmagan.