CSKA Fayzullaevni jamoada qoldirishga tayyor — bir shart bilan
O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullaevning CSKAdagi kelajagi borasidagi munozaralar yangi bosqichga chiqdi. Bu safar klubning sobiq himoyachisi Ivan Taranov o‘z munosabatini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, futbolchining qayerda o‘ynashi uning shaxsiy qarorlariga bog‘liq.
— Agar Fayzullaev o‘zini boshqa chempionatda rivojlantiraman deb hisoblasa, CSKA uni qo‘yib yuborishi kerak. Lekin agar u Rossiyada qolishni istasa va klubga sadoqatini namoyon etsa, bunday futbolchini saqlab qolish uchun klub bor kuchini ishga solishi zarur, — dedi Taranov.
Shuningdek, u Fayzullaevning kelajagini taktik sxemalar bilan bog‘lashni noto‘g‘ri deb hisoblaydi:
— Uning CSKAda qolishi haqida yangi o‘yin sxemalaridan kelib chiqib gapirish to‘g‘ri emas. Professional futbolchi turli taktikaga moslashishni bilishi kerak, — deya ta’kidladi ekspert.
Taranovning fikricha, Fayzullaevning CSKAda qolishi yoki Yevropaga ketishi haqidagi qaror, avvalo, uning shaxsiy maqsadlariga bog‘liq.