«Chelsi» Joao Pedroni «Barselona»ga sotmaydi — Daily Mail
“Chelsi” hujumchisi Joao Pedro Ispaniyaning Barselona klubiga sotilmaydi. Bu haqda Daily Mail xabar berdi.
Avvalroq kataloniyaliklar braziliyalik futbolchining vakillari va agentligi bilan bog‘lanib, transferni amalga oshirish uchun 70 million yevro taklif qilgani haqida ma’lumotlar tarqalgan edi.
Manbaga ko‘ra, “Chelsi” ushbu taklifga mutlaqo befarq munosabat bildirgan — klub nafaqat futbolchini Ispaniyaga sotishni istamaydi, balki Pedroni yozgi transfer oynasida umuman sotilmaydigan, ya’ni “daxlsiz” futbolchilar qatoriga kiritgan.
London klubi bunday muzokaralarga qiziqish bildirmayapti — “Chelsi” tarkibni kuchaytirishni rejalashtirmoqda, uni zaiflashtirishni emas.
Joriy mavsumda Pedro barcha musobaqalarda 48 ta o‘yinda ishtirok etib, 20 ta gol urdi va 9 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2033 yil yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, hujumchining bozor qiymati 75 million yevroni tashkil etadi.