Brunu Fernandesh APLda Terri Anri va Kevin De Bryuynening rekordini takrorladi
«Manchester Yunayted» yarimhimoyachisi Brunu Fernandesh Angliya Premyer-ligasida bir mavsumda amalga oshirilgan golli uzatmalar soni boʻyicha turnir rekordini takrorlashga muvaffaq boʻldi. APL 37-turi doirasida oʻtgan «Nottingem Forest»ga qarshi uchrashuvda portugaliyalik futbolchi joriy chempionatdagi oʻzining 20-assistentligini rasmiylashtirdi.
Fernandeshga qadar bir mavsum ichida 20 ta golli uzatmani amalga oshirish koʻrsatkichi faqat ikki futbolchiga nasib etgan edi. Bu natijani ilk bor «Arsenal»ning sobiq hujumchisi Terri Anri 2002/2003 yilgi mavsumda qayd etgan boʻlsa, keyinchalik «Manchester Siti» sobiq yarim himoyachisi Kevin De Bryuyne 2019/2020 yilgi mavsumda ushbu natijani takrorlagandi.
Eslatib oʻtamiz, Angliya Premyer-ligasining soʻnggi, 38-turida «Manchester Yunayted» safarda «Brayton» mehmoni boʻladi. Mazkur uchrashuv 24 may kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da start oladi.
Brunu Fernandesh 2020 yilning yanvar oyidan buyon mankunianliklar safida toʻp surib kelmoqda. Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar moʻljallangan. Transfermarkt portali maʼlumotlariga koʻra, portugaliyalik yarim himoyachining ayni paytdagi bozor qiymati 40 million yevroni tashkil etadi.