«Barselona» Keynga qiziqish bildirmoqda
Myunxenning “Bavariya” klubi hujumchisi Harri Keyn faoliyatini Ispaniya La Ligasida davom ettirishi mumkin. Bu haqda Sport.es nashri xabar berdi.
Manbaga ko'ra, futbolchiga “Barselona” jamoasi jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Qayd etilishicha, ingliz 32 yoshli forvardning vakillari uning kelajagi bo'yicha turli variantlarni ko'rib chiqmoqda. 2026 yil yozida uning “Bavariya” bilan tuzgan shartnomasida ko'rsatilgan 65 million yevrolik tovon puli bo'yicha band kuchga kiradi. Ya'ni, futbolchini sotib olmoqchi bo'lgan istalgan klub 65 million yevro evaziga Keynni xarid qilishi mumkin. “Barselona”ning rasmiy taklifi esa klubning moliyaviy imkoniyatlariga bog'liq bo'ladi.
Uning “Bavariya” bilan amaldagi shartnomasi 2027 yil 30 iyungacha mo'ljallangan. U joriy mavsum Bundesligada 9 o'yinda maydonga tushib, 12 ta gol va 3 ta golli uzatma muallifiga aylangan.