Arauxo Kataloniya derbisiga qadar safga qaytishi mumkin
«Barselona» markaziy himoyachisi Ronald Arauxo psixologik sabablarga ko‘ra olgan tanaffusdan so‘ng jamoa safida maydonga qaytishga yaqin. Bu haqda Dailysports nashri ASga tayanib xabar bermoqda.
Urugvaylik futbolchi YChL umumiy bosqichining 5-turida «Chelsi»ga qarshi o‘yindan (0:3) so‘ng noma’lum muddatga safdan chiqarilgandi. Uchrashuvda Arauxo asosiy tarkibda maydonga tushgan, biroq tanaffusga qadar qizil kartochka olib, keskin tanqidlarga uchragan edi. Shundan so‘ng himoyachi klub rahbariyatiga ruhiy charchoq va o‘ziga bo‘lgan ishonch yo‘qolgani haqida ma’lum qilib, tiklanish uchun vaqt so‘ragan. «Barselona» rahbariyati futbolchini qo‘llab-quvvatlab, unga dam olish imkonini bergan.
Tanaffus davomida Arauxo Isroilga sayohat qilgan. Klub ichidagi manbalarga ko‘ra, bu qaror futbolchi uchun foydali bo‘lgan.
Kutilishicha, Arauxo 29 dekabr kuni asosiy jamoa bilan mashg‘ulotlarga qaytadi. O‘yinlarda qatnashishdan avval u tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Agar hech qanday muammo aniqlanmasa, urugvaylik himoyachi 3 yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan «Espanol»ga qarshi Kataloniya derbisiga qaydnomaga kiritilishi mumkin.
Joriy mavsumda Ronald Arauxo «Barselona» safida 15 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol muallifi bo‘lgan.