Antoni «Jirona»ga qarshi oʻyinda qizil kartochka olgani uchun «Betis» muxlislaridan uzr soʻradi
«Betis» hujumkor yarimhimoyachisi Antoni La Liganing 13-turida «Jirona»ga qarshi o‘yinda olgan qizil kartochkasi uchun muxlislardan uzr so‘radi.
«Qizil kartochka olganimdan juda afsusdaman. Men faqat jamoamga g‘alaba qozonishga yordam bermoqchi edim. Bu mutlaqo tasodifiy holat edi… Meni doim qo‘llab-quvvatlagan barcha muxlislardan uzr so‘rayman», — deb yozdi Antoni o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Braziliyalik futbolchi uchrashuv oxirida maydondan chetlatilgan edi. 89-daqiqada u qaychi uslubida zarba berishga urindi, biroq oyog‘i raqib futbolchisi Xoel Rokening yuziga tegib ketdi. Bosh hakam Iosu Galek Apetstegiya VAR ko‘magi bilan Antonini maydondan chetlatdi.
Joriy mavsumda Antoni Ispaniya chempionatida «Betis» tarkibida to‘qqizta o‘yin o‘tkazib, to‘rtta gol urdi va bitta golli uzatma berdi. Shuningdek, u Yevropa ligasida uchta o‘yinda maydonga tushib, ikki marta gol kiritdi va bir golga assistentlik qildi.