Andrey Lunin faoliyatini «Inter»da davom ettirishi mumkin
Defense Central nashrining xabariga ko‘ra, «Inter» vakillari Chempionlar Ligasi guruh bosqichi 5-turidagi «Olimpiakos» – «Real» (3:4) o‘yinini kuzatib borishdi. Ularning maqsadi madridliklarning darvozaboni Andrey Lunin ijrosini baholash edi.
Manbaga ko‘ra, italyan klubi keyingi mavsum uchun darvozabon qidiryapti, chunki 37 yoshli shveytsariyalik Yan Sommer o‘z o‘yinlari bilan tanqid ostida qolmoqda. Uning amaldagi shartnomasi 2026 yilning yozigacha amal qiladi.
Shu sababli «neradzurri» transfer bozoridagi variantlarni ko‘rib chiqmoqda va ularning biri «Real»ning 26 yoshli ukrainalik darvozaboni Andrey Lunin hisoblanadi.
Lunin «Olimpiakos»ga qarshi o‘yinda maydonga tushishini bilgan holda, «Inter» vakili uni kuzatish uchun stadionga yo‘llangan. Maqsad — futbolchining amaliyot yetishmasligi uning o‘yini sifatiga ta’sir qilmaganini tekshirish.
Xabar qilinishicha, «Inter» ukrainalik darvozabon uchun kelasi yozda 10–12 million yevro miqdorida taklif berishi va unga asosiy tarkibda maydonga tushish kafolatini taqdim etishi mumkin.