Messi tarixining eng noyob 5 ta memorabilia buyumlari: 49 ming dollarlik chiptadan 7,8 million dollarlik liboslargacha
Messi tarixining eng noyob 5 ta memorabilia buyumlari: 49 ming dollarlik chiptadan 7,8 million dollarlik liboslargacha
Lionel Messi faoliyati davomida nafaqat rekordlar o‘rnatdi, balki futbol tarixining eng qimmatbaho kolleksion buyumlariga aylangan ko‘plab eksponatlarni ham qoldirdi. sports24.uz argentinalik afsonaga tegishli bo‘lgan, auksionlarda sotilgan eng noyob buyumlarni beshtasini jamladi.
Lionel Messi o‘zining afsonaviy faoliyati davomida futbol tarixidagi eng yorqin sahifalarni yaratdi. Uning rekordlari, sovrinlari va tarixiy o‘yinlari millionlab muxlislar xotirasida muhrlanib qolgan.
Biroq Messi merosini nafaqat statistikalar yoki kuboklar orqali, balki uning faoliyatidagi muhim voqealar bilan bog‘liq kolleksion buyumlar orqali ham kuzatish mumkin. Messi imzosi tushirilgan kartochkalar va formalar, tarixiy uchrashuvlarda kiyilgan liboslar hamda hatto uning «Barselona»ga kelishini ta’minlagan mashhur salfetka ham katta qiymatga ega.
Quyida Messi faoliyatiga oid auksionlarda sotilgan eng noyob va qimmatbaho besh buyum bilan tanishamiz.
5. «Portu»ga qarshi debyut uchrashuvi chiptasi — 49 200 dollar

2003-yil 16-noyabr kuni Portugaliyaning Portu shahridagi «Estadio do Dragao» stadioniga tashrif buyurgan muxlislar o‘sha kuni futbol tarixidagi muhim voqealardan biriga guvoh bo‘layotganini bilishmagan.
Ular yangi stadion ochilishi munosabati bilan o‘tkazilgan oddiy o‘rtoqlik uchrashuvini tomosha qilish uchun kelishgandi. Ammo o‘sha bahsda «Barselona» safida atigi 16 yoshli Lionel Messi ilk bor asosiy jamoa darajasida maydonga tushdi.
Messi ikkinchi bo‘limda zaxiradan maydonga tushib, kelajakda qanday futbolchiga aylanishidan dastlabki daraklarni namoyish etdi. «Barselona» o‘sha kuni «Portu»ga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi, biroq uchrashuv chiptasini saqlab qolgan muxlislar yillar o‘tib katta qiymatli tarixiy buyumga ega bo‘lib qolishdi.
«Collectors Tools» ma’lumotlariga ko‘ra, Messi debyutiga oid jami 229 ta to‘liq chipta va chipta qoldig‘i baholangan. PSA tomonidan berilgan eng yuqori baho 8 bo‘lgan.
PSA 7 darajasidagi to‘liq chipta esa Goldin auksionida 49 200 dollarga sotilgan.
4. 2017-yilgi «Remontada»da kiyilgan forma — 200–400 ming dollar

2017-yil 8-mart kuni «Barselona» va PSJ o‘rtasidagi Chempionlar ligasi javob uchrashuvi futbol tarixidagi eng mashhur kambeklardan biriga aylandi.
Parijda 0:4 hisobida mag‘lub bo‘lgan «Barselona» javob bahsida 6:1 hisobida g‘alaba qozonib, chorakfinal yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Lionel Messi o‘sha uchrashuvda jamoasining to‘rtinchi golini urdi.
Messi o‘sha tarixiy kechada kiygan formasi keyinchalik «Sotheby's» auksioniga qo‘yildi. PSA tomonidan fotomatching orqali ushbu forma aynan o‘sha uchrashuvda Messi tomonidan kiyilgani tasdiqlangan.
Mazkur buyumning taxminiy qiymati 200–400 ming dollar atrofida baholangan.
3. Pele rekordini yangilagan Messi butsasi — 169 ming dollar

Lionel Messi 2020-yil 22-dekabr kuni «Barselona» safida «Real Valyadolid»ga qarshi uchrashuvda gol urib, bitta klub safida urilgan gollar soni bo‘yicha Pele rekordini yangiladi.
Bu Messi uchun 644-gol bo‘lib, braziliyalik afsonaning «Santos» safidagi 643 ta gollik natijasidan o‘tishga imkon berdi.
Tarixiy gol urilgan butsalar Messi tomonidan xayriya maqsadida taqdim etildi va «Christie's» auksioniga qo‘yildi. Unda futbolchining rafiqasi hamda farzandlarining ismlari aks etgan.
Match-worn, ya’ni rasmiy uchrashuvda kiyilgan butsalar tabiiy ravishda foydalanish izlariga ega edi. Shunga qaramay, ular futbol tarixidagi eng muhim rekordlardan birining bevosita guvohi bo‘lgani sababli nihoyatda qimmatli hisoblanadi.
Mazkur butsalar 169 ming dollarga sotilgan.
2. «Barselona» bilan shartnoma tuzilgan mashhur salfetka — 964 450 dollar

Lionel Messi va «Barselona» tarixidagi eng mashhur hikoyalardan biri aynan shu kichik salfetka bilan bog‘liq.
2000-yilda o‘sha paytdagi «Barselona» sport direktori Karles Rexach 13 yoshli argentinalik futbolchini klubga olib kelishga qaror qiladi. Messi oilasining klub bilan bog‘liq ayrim xavotirlari bo‘lganiga qaramay, tomonlar kelishuvga erishadi.
Ammo shartnoma oddiy qog‘ozda emas, tushlik vaqtida salfetkaga yozib qo‘yiladi.
Unda Rexach Messi bilan shartnoma imzolash majburiyatini o‘z zimmasiga olgani qayd etilgan. O‘sha paytda bu kichik qog‘oz parchasi kelajakda futbol tarixidagi eng qimmatbaho buyumlardan biriga aylanishini hech kim tasavvur qila olmagan.
2024-yilda mashhur salfetka auksionda 964 450 dollarga sotildi.
U Messi tomonidan imzolanmagan bo‘lsa-da, bu buyum uning «Barselona»dagi afsonaviy faoliyatiga yo‘l ochgan tarixiy kelishuvning amaldagi dalili hisoblanadi.
1. 2022-yilgi Jahon chempionatida kiyilgan olti forma — 7,8 million dollar

Messining faoliyatidagi eng muhim voqea, shubhasiz, 2022-yilgi Jahon chempionatidagi g‘alaba bo‘ldi.
Qatardagi turnir davomida argentinalik yulduz bir qator tarixiy o‘yinlarda maydonga tushdi. Meksikaga qarshi urilgan gol, Niderlandiyaga qarshi dramatik chorakfinal, shuningdek, Fransiyaga qarshi afsonaviy final — bularning barchasi Messi faoliyatining eng yorqin sahifalariga aylandi.
2023-yilda «Sotheby's» auksioniga Messining Argentina milliy jamoasi safida 2022-yilgi Jahon chempionati davomida kiygan oltita formasi birgalikda qo‘yildi.
To‘plamga turnirning turli bosqichlarida kiyilgan liboslar, jumladan, Fransiyaga qarshi final uchrashuvining birinchi bo‘limida kiyilgan forma ham kiritilgan.
Mazkur kolleksiya 7,8 million dollarga sotildi.
Bu summa Messining memorabilia buyumlari orasida eng yuqori narxlardan biri bo‘lib, to‘plamning tarixiy ahamiyati uni oddiy kolleksion buyumdan ancha yuqoriga olib chiqadi.
Messi merosining narxi
Messi futbol maydonida o‘rnatgan rekordlar va qo‘lga kiritgan sovrinlardan tashqari, uning faoliyatiga oid oddiy ko‘ringan buyumlar ham yillar o‘tishi bilan ulkan qiymatga ega bo‘lmoqda.
49 ming dollarlik debyut chiptasi, 964 ming dollarlik salfetka yoki 7,8 million dollarlik Jahon chempionati formalari — bularning barchasi Lionel Messi futbol tarixida qanchalik katta iz qoldirganini ko‘rsatadi.
Ayniqsa, 2022-yilgi Jahon chempionatida kiyilgan oltita forma Messi faoliyatining eng muhim cho‘qqisini ifodalashi bilan alohida ahamiyatga ega.
Sizningcha Messi yana qaysi jihatlarti bilan tarixda qoldi? Fikringizni izohlarda qoldiring.