«El Sackico» yana qaytmoqda: Maykl Kerrik Roberto De Dzerbidan ko‘ra ko‘proq bosim ostida
«Manchester Yunayted» va «Tottenhem» bosh murabbiylari og‘ir bosim ostida to‘qnash keladi. O‘tgan mavsumni Premyer-ligada uchinchi o‘rinda yakunlagan «qizil iblislar» bu safar xato qilmasligi kerak bo'ladi.
2021-yil 30-oktabr kuni Ole-Gunnar Sulsher va Nunu Eshpiritu Santu «Manchester Yunayted» hamda «Tottenhem» o‘rtasidagi Premyer-liga uchrashuvi oldidan jiddiy bosim ostida edi. «Yunayted» o‘z maydonida «Liverpul»dan 0:5 hisobida qaqshatqich mag‘lubiyatga uchragan, g‘alabasiz seriyasi esa to‘rtta o‘yinga yetgandi. «Tottenhem» ham so‘nggi olti uchrashuvning to‘rttasida mag‘lub bo‘lgandi. O‘yin boshlanishidan avval londonliklar raqibidan atigi bir ochko oldinda edi.
Shu sababli uchrashuvga «El Sackico» nomi berildi. Bu atama «El Klasiko» nomiga ishora bo‘lib, mag‘lubiyatga uchragan jamoa bosh murabbiyi iste’foga chiqarilishi mumkinligini anglatardi. O‘sha paytda muxlislar va ekspertlar murabbiylardan biri tez orada ishdan ketishini taxmin qilishgandi. Ularning taxmini to‘g‘ri chiqdi.
«Manchester Yunayted» safarda 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Krishtianu Ronaldu, Edinson Kavani va Markus Reshfordning gollari Sulsherga biroz yengil nafas olish imkonini berdi. Aksincha, Nunu o‘z muxlislari tomonidan tinimsiz hushtakbozlikka uchradi. «Tottenhem» esa darvozaga birorta ham aniq zarba bera olmadi.
Oradan atigi ikki kun o‘tib, portugaliyalik mutaxassis iste’foga chiqarildi. Natijalar uchun ma’lum darajada bahona topish mumkin edi, ammo jamoaning maydondagi sifatsiz o‘yini o‘zgarish zarurligini ko‘rsatib qo‘ygandi.
Shanba kuni «Old Trafford»da yana bir «El Sackico» bo‘lib o‘tishi mumkin. Bu safar Maykl Kerrik boshchiligidagi «Manchester Yunayted» Roberto De Dzerbi boshqarayotgan «Tottenhem»ni qabul qiladi.
Ayni paytda «Yunayted» raqibidan uch ochko oldinda, londonliklar esa 2026/27-yilgi mavsumda hali birorta ham g‘alabaga erishmagan. De Dzerbi jamoasi beshta uchrashuvda atigi ikki marta gol urdi. Bu holat Nununing samarasiz hujum qilgan jamoasini yodga soladi.
Biroq bir jihat aniq: Kerrikning vaziyati italiyalik murabbiynikidan ancha og‘ir. Mavsum oldidan chempionlik uchun kurashishi kutilgan «Manchester Yunayted» hozir 12-o‘rinda bormoqda. Jamoaning yana bir bor muvaffaqiyatsizlikka uchrashini oqlash qiyin bo‘ladi. Agar Kerrik ham Sulsher singari ruhlantiruvchi g‘alabani taqdim eta olmasa, uning kelajagi jiddiy savol ostida qoladi.

Kerrikning imkoniyatlari cheklangan
Kerrik Ruben Amorim davridagi parokandalikdan so‘ng «Manchester Yunayted»ning o‘ziga bo‘lgan ishonchini tiklashda katta ish qildi. U jamoani Premyer-ligada uchinchi o‘ringa olib chiqdi. O‘tgan mavsumning so‘nggi 17 turida «Yunayted» boshqa barcha jamoalardan ko‘proq ochko jamg‘ardi.
22-may kuni INEOS rahbariyati Kerrik bilan ikki yillik doimiy shartnoma imzoladi. Kelishuvda uni yana bir yilga uzaytirish imkoniyati ham bor edi. «Old Trafford»da qisqa muddatga bo‘lsa-da, optimizm qaytdi.
Ammo ser Jim Retkliff va uning hamkorlari yozgi transferlar davrida jamoani kuchaytirish borasida raqiblardan ortda qolishdi. «Manchester Yunayted» barcha musobaqalarda 67 tagacha uchrashuv o‘tkazishi mumkin edi. Bu Yevropa musobaqalarida qatnashmagan to‘liq mavsumga nisbatan 27 ta o‘yin ko‘p demakdir. Bunday taqvimga tayyor bo‘lish uchun tarkibni sezilarli darajada kuchaytirish talab etilardi.
Karlos Baleba, Yuriy Tilemans va Andrey Santos transferlari uchun jami 163 million funt (216 million dollar) sarflandi. Biroq ularning hech biri jamoani tark etayotgan Kazemiroga xos o‘yin profilini to‘liq almashtira olmadi. Himoya va hujumning markaziy qismi kabi muhim pozitsiyalar ham yetarlicha kuchaytirilmadi.
Natijada Kerrik rahbariyat qarorlari sababli imkoniyatlari cheklangan murabbiyga aylandi. «Yunayted»ning yana ortga ketayotgani ham klubdagi noto‘g‘ri qarorlar bilan bog‘liq.
Mavsumning ilk turida «Yunayted» Premyer-ligaga qaytgan «Hall Siti»dan mag‘lub bo‘ldi. Keyin «Ipsvich Taun» «Old Trafford»da taslim etildi, ammo uchrashuvda hakamlik bilan bog‘liq bahsli vaziyatlar ham kuzatildi.
Shundan so‘ng Kerrik jamoasi safarda «Everton» va «Fulhem» bilan durang o‘ynadi. Shuningdek, o‘z maydonida o‘n kishi bo‘lib qolgan «Manchester Siti»ga 0:1 hisobida yutqazdi.
Chempionlar ligasidagi debyutant «Sabah» ustidan 4:0 hisobidagi yirik g‘alaba ham vaziyatni yaxshilay olmadi. «Yunayted» Angliya Liga kubogi uchinchi bosqichida «Brayton»ga 2:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. Jamoa ikki gollik ustunlikni saqlab qola olmadi va 1976-yildan beri ilk bor o‘z maydonida ushbu musobaqada mag‘lub bo‘ldi.
Kerrik uchun asal oyi yakunlandi. U endi himoyadagi bo‘shliqlarni yopishi va hujum chizig‘iga ko‘proq tezlik hamda shiddat olib kirishi kerak. Aks holda, vaziyat yanada murakkablashishi mumkin.

«Mo‘rt va beqaror»
Roberto De Dzerbi boshchiligidagi «Tottenhem»da ham yangi murabbiy kelganidan keyingi ijobiy kayfiyat uzoq davom etmadi. Italiyalik mutaxassis mart oyi oxirida jamoani qabul qilib oldi. O‘sha paytda londonliklar xavfli hududdan atigi bir ochko yuqorida edi va 2026-yilda Premyer-ligada faqat bir marta g‘alaba qozongandi.
De Dzerbi jamoani barqarorlashtirishga muvaffaq bo‘ldi. «Tottenhem» mavsumning so‘nggi yetti uchrashuvida 11 ochko to‘pladi. Yakuniy turda «Everton» ustidan 1:0 hisobidagi g‘alaba jamoaning Premyer-ligadagi o‘rnini saqlab qolishini ta’minladi.
«Tottenhem» De Dzerbi bilan besh yillik shartnoma imzoladi va yozgi transferlar davrida uni jiddiy qo‘llab-quvvatladi. Klub yangi futbolchilar uchun jami 334 million funt (442 million dollar) sarfladi. Ular orasida jamoa tarixidagi eng qimmat transfer Sandro Tonali, Mateus Fernandesh, Savio hamda De Dzerbining «Brayton»dagi sobiq shogirdi Yan-Pol van Heke bor.
Bunday katta xarajatlardan keyin muxlislar jamoa o‘yinida sezilarli o‘sishni kutishga haqli edi. Ammo hozircha ularning umidlari oqlanmadi. «Tottenhem» beshta turdan keyin ikki ochko bilan Premyer-liga jadvalining eng quyi pog‘onasida bormoqda. Jamoa dastlabki to‘rtta uchrashuvda birorta ham gol ura olmadi.
Terma jamoalar o‘yinlari uchun tanaffus oldidan «Aston Villa»ga qarshi o‘z maydonidagi 2:3 hisobidagi mag‘lubiyat londonliklarning himoya va hujumdagi kamchiliklarini yana bir bor ochib berdi. De Zerbi ham vaziyatni yashirishga urinmadi.
— Buni tushuntirish qiyin. Murabbiy sifatida faoliyatim davomida 14 yil ichida biznikidek mo‘rt va beqaror jamoani ko‘rmaganman, — dedi italiyalik mutaxassis.
Albatta, «Tottenhem» bunday natijalar bilan uzoq davom eta olmaydi. De Zerbi futbolchilarning ruhiy holatini yaxshilashi va jamoani izga solishi kerak. Shunga qaramay, londonliklarning vaziyati «Manchester Yunayted»nikichalik umidsiz ko‘rinmayapti.
«Old Trafford»da g‘alaba qozona olmaslik De Zerbi uchun darhol iste’fo xavfini tug‘dirmaydi. Kerrik esa qanday natija qayd etilishidan qat’i nazar, o‘z lavozimini saqlab qolish uchun kurashayotgandek taassurot uyg‘otmoqda.

«Qayta qurish» vaqti keldi
De Zerbi «Tottenhem» bilan uzoq muddatli loyiha uchun shartnoma imzoladi. So‘nggi ikki mavsumda Premyer-ligani 17-o‘rinda yakunlagan jamoaning birdaniga yuqori pog‘onalarga ko‘tarilishi oson emas.
Yangi futbolchilar bir-biriga moslashib, De Zerbi talab qilayotgan o‘yin uslubi shakllansa, «Tottenhem»ning natijalari yaxshilanishi mumkin. Mavsumni kuchli o‘ntalikda yakunlashning o‘zi oldinga tashlangan qadam bo‘ladi. Agar jamoa Konferensiyalar ligasiga yo‘llanma olishga ham muvaffaq bo‘lsa, italiyalik mutaxassis birinchi to‘liq mavsumini muvaffaqiyatli o‘tkazgan hisoblanadi.
Kerrik esa «Old Trafford»da ancha yuqori talablar ostida ishlamoqda. «Manchester Yunayted» yana kuchli beshlikka kira olmasa yoki sovrin qo‘lga kiritmasa, bu klub uchun katta muvaffaqiyatsizlik bo‘ladi.
INEOS 2028-yilgacha, klubning 150 yilligi munosabati bilan, Premyer-liga chempionligini qo‘lga kiritishni maqsad qilgan. Demak, aynan shu mavsumda kelajakdagi muvaffaqiyat uchun mustahkam poydevor yaratilishi kerak.
Hozirgacha ko‘rilgan o‘yinlarga qaraganda, «qizil iblislar» belgilangan maqsadlardan ancha uzoqda. Kerrikning yagona umidi yanvargacha lavozimida qolish va qishki transferlar davrida tarkibni kuchaytirishni talab qilish bo‘lishi mumkin. Biroq jamoaning hozirgi holatida bu bosqichgacha yetib borishning o‘zi ham oson emas.
«Manchester Yunayted» hujumda katta salohiyatga ega bo‘lsa-da, jamoaning umumiy muvozanati buzilgan. Klub afsonasi Gari Nevil «Fulhem» bilan 1:1 hisobidagi durangdan so‘ng Sky Sports efirida aynan shu muammoga e’tibor qaratdi.
— Kerrik barcha hujumkor futbolchilarni birgalikda maydonga tushira olishini istardim, ammo bu unga himoyada juda qimmatga tushishi mumkin. Muammo faqat himoyachilar yoki to‘rt nafar himoyachidan iborat chiziqda emas. Brayan Mbeumo va Markus Reshford juda yuqorida, qanotlarda o‘ynayapti va markazga yetarlicha qaytmayapti. Yarimhimoyada Tilemans va Kobi Maynu bor, ammo ularning o‘yini bir maromda. Ehtimol, Baleba ham shu hududga qo‘shilar. Bruno Fernandesh va Mateus Kunya ham ko‘proq erkin harakat qiladi.
— Jamoada to‘p bilan yaxshi o‘ynaydigan, ammo to‘psiz harakatlanishda qiynaladigan besh-olti nafar futbolchi bor. Ularning ko‘plab gollar urib, bir-ikki gol o‘tkazib yuborgan holda g‘alaba qozonishi ajoyib bo‘lardi. Lekin himoyani qayta ko‘rib chiqish shart. Maydonda juda ko‘p futbolchi yetarli faollik ko‘rsatmayapti, — dedi Nevil.
Kerrik o‘yinni nazorat qila oladigan jamoa yaratishga urinmoqda, biroq buning uchun shiddat yetishmayapti. «Tottenhem»da esa De Zerbi yuqori pressing va raqib maydonining oldingi qismida to‘pni faol qaytarib olishni talab qilmoqda.
Bu tizim hozircha to‘liq samara bermayotgan bo‘lsa-da, londonliklar qanday futbol o‘ynashni istayotganini biladi. «Manchester Yunayted» esa hanuz individual mahorat va ayrim futbolchilarning alohida harakatlariga tayanmoqda.

«Old Trafford»da bosim kuchaymoqda
Shanba kungi g‘alabaning o‘zi ham «Manchester Yunayted»dagi barcha muammolarni bartaraf eta olmaydi. 2021-yilda Sulsher «Tottenhem»ni 3:0 hisobida mag‘lub etganidan keyin ham uzoq vaqt lavozimida qololmadi.
O‘sha g‘alabadan uch hafta o‘tib, «Yunayted» norvegiyalik mutaxassis bilan xayrlashdi. Ungacha jamoa Chempionlar ligasida «Atalanta» bilan 2:2 hisobida durang o‘ynadi, «Manchester Siti»ga 0:2 hisobida yutqazdi va «Uotford»dan 1:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Kerrikni esa yanada og‘ir taqvim kutmoqda. «Tottenhem» bilan uchrashuvdan keyin «Yunayted» Chempionlar ligasida «Atletiko Madrid» va «Komo»ga qarshi safarda o‘ynaydi. Premyer-ligada esa mag‘lubiyat nimaligini bilmayotgan «Lids Yunayted» bilan to‘qnash keladi. Bundan tashqari, jamoa «Bornmut»ni qabul qilib, oyni «Chelsi» maydonidagi uchrashuv bilan yakunlaydi.
Shu sababli Kerrik noyabr boshlanmasidan oldin ham lavozimini tark etishi mumkin.
«Old Trafford»da vaziyat inqiroz darajasiga yetgan. «Tottenhem» uchun esa bosim unchalik yuqori emas: londonliklar faqat Premyer-ligaga e’tibor qaratmoqda. De Zerbi jamoani o‘zgartirish uchun vaqt olishi mumkin, futbolchilar orasidagi kayfiyat ham nisbatan ijobiy.
Italiya terma jamoasi safida bo‘lgan Sandro Tonali jamoaning hozirgi holatini quyidagicha izohladi:
— Natijalar nuqtayi nazaridan vaziyat salbiy, ammo futbolimiz borasida ijobiy fikrdaman. Biz zavq bilan o‘ynayapmiz va vaziyatlar yaratmoqdamiz. Futbolda gol ura olmasangiz, mag‘lub bo‘lasiz. Biz tushkunlikka tushganimiz yo‘q, hali ham kuchlimiz va oldinga intilyapmiz. Jamoamiz juda kuchli ekanini bilamiz.
«Manchester Yunayted» futbolchilarida esa bunday xotirjamlik sezilmayapti. To‘p ularga kelganida ham xavotir va taranglik ko‘zga tashlanadi. Hatto jamoa sardori, tavakkal qilishdan cho‘chimaydigan Bruno Fernandesh ham odatdagidan ko‘proq shoshilayotgandek ko‘rinmoqda.
Shunga qaramay, «Yunayted» uchun umid bor. To‘pig‘idagi jarohatdan tiklangan Baleba «Tottenhem»ga qarshi uchrashuvda debyut qilishi mumkin. Uzoq vaqt davomida surunkali bel jarohati sabab safdan chiqqan Matteys de Lit ham maydonga qaytishga yaqin.
Ularning qaytishi yarim himoyadagi jismoniy kurash va himoyadagi muammolarni kamaytirishi mumkin.
Shuningdek, chov sohasidagi jarohat tufayli mavsum boshini o‘tkazib yuborgan Amad Diallo ham o‘ng qanotdagi o‘rni uchun kurashga qaytishi kutilmoqda. Bu Mbeumoga o‘ziga qulay bo‘lgan hududlarda harakatlanish, Kunyaga esa tabiiy bo‘lmagan markaziy hujumchi rolidan chap qanotga qaytish imkonini beradi.
Kerrik shu paytgacha jamoasini omma oldida keskin tanqid qilmagan. Balki u ushbu futbolchilarning qaytishi vaziyatni o‘zgartirishiga umid qilayotgandir. Biroq murabbiyning bunday ahvolga tushib qolishi adolatsiz: «Manchester Yunayted» asosiy futbolchilar yo‘qligida ham raqobatbardosh bo‘lib qolish uchun yetarlicha keng tarkibga ega bo‘lishi kerak edi.
Hozircha esa barqarorlikka erishish qiyin ko‘rinmoqda. Kerrikka jamoani o‘z qarashlari asosida shakllantirish imkoniyati berilmayapti. Aksincha, unga hanuz vaqtinchalik murabbiydek munosabatda bo‘linmoqda. «Tottenhem»da esa De Zerbi uzoq muddatli loyiha doirasida ishlash imkoniyatiga ega.
Shanba kungi uchrashuv natijasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, Kerrik bundan ko‘ra ko‘proq qo‘llab-quvvatlashga loyiq.