locale OZ

Ulug'bek Mirzayev: \"Juda juda yaqin turibmiz\"

Maqolalar
Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Ulug'bek Mirzayev: "Juda juda yaqin turibmiz"
PHOTO: Telegram

Sports24.uz bu safar “Bunyodkor” hamda “Andijon” klublarining sobiq direktori, jurnalist va iqtisodchi Ulug'bek Mirzayev bilan bog'anib o'yindan oldingi fikrlari bilan qiziqdi:

"Birinchi navbatda bu safargi saralash Jahon chempionatiga chiqish uchun sakkizinchi urinish hisoblanadi. Oldingi yettitasi muvaffaqiyatsiz bo’lgan. Ilk saralashdagi ishtirokimiz 1997 yilda boshlangan. 1998 yili Fransiyada bo’lib o’tadigan mundial uchun saralash bo’lgan, ammo terma jamoamiz ijobiy natija qayd eta olmagan. O’shanda saralashning hal qiluvchi bosqichiga yetib borilgan va Yaponiya, Janubiy Korea, BAA, O’zbekiston va Qozog’iston terma jamoalari bir guruhdan o’rin olishib, bizning terma jamoamiz guruhda qolib ketib, Jahon chempionatiga chiqish vazifasini bajara olmagan.

Oradan yigirma sakkiz yil o’tdi, ortda qolgan davr davomida Jahon chempionati orzusida yashab keldik va nihoyat hozir juda juda yaqin turibmiz. O’ylaymanki futbolchilarimiz Birlashgan Arab Amirliklari bilan durang o’ynab kela olishadi. Men ham 1:1 hisobidagi durangni tahmin qilyapman. Bilasizmi, Jahon chempionatiga chiqish juda ko’p narsani anglatadi. Chet elda ko’plab do’stlarim, xalqaro munosabatlarim bor. Xorijlik hamkorlarim, tanishlarim kutishyapti. Agar Jahon chempionatiga chiqadigan bo’lsangiz futbolingiz uchun katta ijobiy jihat bo’ladi deb takidlashmoqda. Bu terma jamoamizni mundialga borishi, keyingi terma jamoalarimiz uchun ham turtki bo’ladi, ya’ni oldin bu ishni uddalaganmiz-ku, nega endi 2030 yilgi Jahon chempionatiga chiqa olmasligimiz kerak degan fikrlar bo’ladi. Bu esa sekin-sekin Jahon chempionatida muntazam ishtirok etish tendensiyasiga yo’l ochadi. Futbolimiz yana ham rivojlanadi. Futbolchilarimizga xorijiy klublardan bo’lgan qiziqish yanada ortadi. Bu orqali O’zbekistonning kuchi yana ham oshadi. Sekin sekinlik bilan xorijda o’ynayotgan o’zbeklar soni yanada ko’payib boradi. Qancha xorijda bizning futbolchilarimiz ko’p o’ynasa, futbolimizga shuncha yuqori baho beriladi. Jahon chempionatiga chiqish deganda, bir so’z bilan aytadigan bo’lsam, bu- mamlakat futbolini yangi bosqichga ko’tarilganligini anglatadi.

To’g’risini aytsam, bu avlodni oltin avlod deya olmaymiz. Hozirgi terma jamoadan ko’ra menga aytaylik, birinchi Jahon chempionati saralashida qatnashgan jamoani kuchli desa bo’lar edi. Qosimov, Shikvirn, Bugalo, Davletov, Ma’rufaliyev, Lebedov, Bozorov, Shirshov, bular juda kuchli jamoa bo’lgan. Undan tashqari esingizda bo’lsa Nesterov, Haydarov, Jeparov, Kapadze, Geynrix Baqoyev, Shatskix, Soliyevlar davridagi terma jamoani ham eng kuchlisi deb atasa bo’lar edi. Bu yigitlarni omadi ham keldi, qolaversa Jahon chempionati ishtirokchilari soni qirq sakkiztaga yetganligi ham vazifani yengillashtirdi. Balki, qoidalar avvalgidek qolganida, terma jamoamizning mundialga chiqishi yana qiyin holda qolishi mumkin edi. Shuning uchun kvotalar soni oshirilganligi ham O’zbekistonga yo’l ochmoqda deb aytish mumkin.

Jahon chempionatiga chiqish tajribasini doimiyga aylantirish uchun, o’ylaymanki o’smirlarimiz va yoshlarimiz yaxshi chiqib kelishmoqda. Terma jamoamizni yengil o’ynayapganini yana bir sababi kuchli jamoalarda futbolchilarimiz ko’payib borishida deb aytsak ham bo’ladi. “Manchester Siti”, “Roma” “SSKA”, Turkiya, Eron, Saudiya kabi juda kuchli ligalarda o’ynashyapti. Futbolchilarimizni yoshligidanoq xorijiy ligalarga chiqarib yuborishimiz kerak. Chunki u yerda yana ham chiniqishyapti va kuchayishyapti. O’zimizni ichki chempionatni hozirda jahon darajasidagi kuchli liga deb ayta olmayman. Ko’proq futbolchilarimizni chet eldagi kuchli klublarga jo’natsak, bu narsa terma jamoamizga faqatma-faqat foyda bo’ladi hamda Jahon chempionatlarida doimiy ishtirok etish uchun foyda bo’ladi. Buni amalda Yaponiya, Korea, Australiya kabi davlatlarda ko’rish mumkin. Masalan Eron ham shu yo’ldan ketmoqda, natijada kuchli futbolchilar bilan doimiy mundial yo’llanmasini qo’lga kiritib kelmoqda. Lekin, Saudiya, Amirliklar yoki Qatar kabilar o’z futbolchilarini chetga jo’natolmayapgani uchun ham bir chiqib, bir chiqolmasdan qolgan vaziyatlarini ko’rmoqdamiz. Qancha ko'p futbolchi Yevropaga chiqsa, bu holat terma jamoamizni yanada daxshatli qiyofaga olib keladi",-deydi mutaxassis

Sport — bir bosishda!
Jamiyatlarimizga obuna bo‘ling va sport voqealaridan xabardor bo‘ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting