locale OZ

Endi mazax qilish obyekti emas: Enrike rahbarligida PSJ qanday o‘zgardi

Maqolalar
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Endi mazax qilish obyekti emas: Enrike rahbarligida PSJ qanday o‘zgardi
ФОТО: Getty Images

Qatarlik sarmoyadorlar «PSJ»ga kelganidan so‘ng, klubning asosiy maqsadi Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonish edi. Vaqt o‘tishi bilan bu parijliklar uchun muttasil g‘oyaga aylandi. Ular CHLdagi g‘alaba haqida qanchalik ko‘p gapirsalar, u shunchalik uzoqlashardi. «PSJ» rahbariyati ko‘zlangan maqsad yo‘lida bir nechta loyihalarni qurdi va buzib tashladi. Parijliklar yulduz futbolchilarni safiga qo‘shdi, murabbiylar va boshqaruvchilarni almashtirdi, ammo natija chiqmadi. Ular Fransiyada hukmron bo‘lib qolishdi, garchi u yerda ham unvonlarni boy berishga ulgurdilar, biroq Yevropa maydonida vaziyat ancha murakkab edi.

Uzoq vaqt davomida «PSJ»ning markaziy shaxsi Kilian Mbappe edi. Shubhasiz, fransuz, u haqida yozilganidek, murabbiylarni tayinlamagan yoki ishdan bo‘shatmagan, ammo boshqa o‘yinchilarga qaraganda ko‘proq ta’sirga ega edi. Klub prezidenti Nasser Al-Xelaifiy parijliklar har doim uning atrofiga yulduzli tarkib yig‘ishga intilganini tan oldi. Biroq Kilianning o‘zi bu yulduzlar bilan chiqisha olmagani, murabbiylar ham sifatli futbolchilardan sifatli jamoa shakllantira olmagani alohida masala. Ammo avval Luis Enrikening kelishi, keyin Mbappening ketishi bilan hamma narsa o‘zgara boshladi. Taqdirning hazilini qarangki, parijliklar o‘z vaqtida aynan ularga qarshi Chempionlar ligasi tarixidagi eng epik qaytishlardan birini amalga oshirgan mutaxassisga ishonch bildirishdi.

Enrike yoshlarga ishonadigan tizimli murabbiy. Tarkibda Mbappedek ta’sirli futbolchi bo‘lgan holda, o‘z rejalarini amalga oshirish qiyin. Bunday vaziyatda qurish emas, balki moslashishga to‘g‘ri keladi. Kilian kabi futbolchilar hujumga yo‘naltirilgan. Ular butun maydon bo‘ylab yugurmaydigan, pressingni amalga oshirmaydigan va to‘pni tortib olmaydigan o‘yinchilardir. Enrikega esa aynan shunday futbolchilar kerak edi va u ularni o‘tgan mavsum oralig‘ida qo‘lga kiritdi. «PSJ» Mbappening o‘rniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘rinbosar sotib olmadi, balki allaqachon tarkibda bo‘lgan Bredli Barkol va Usmon Dembelega ishonch bildirdi. Biri - juda yosh, ikkinchisi - juda dangasa (keng tarqalgan fikrga ko‘ra). Hatto ikkalasi birgalikda ham jamoaning Mbappedan olgan gollarini bera olmasligiga o‘xshardi.

ФОТО: Getty Images

Yozda parijliklar yulduzlarga emas, yoshlarga e’tibor qaratishi aniq bo‘ldi. Frantsiya poytaxtiga himoyachi Vilian Pacho, yarim himoyachi Joau Nevesh va qanot hujumchisi Dezire Duye ko‘chib o‘tdi. Qishda PSJga qanot hujumchisi Xvicha Kvaratsxeliya qo‘shildi. Gruziyalik futbolchi 23 yoshida yozgi va qishki transferlar orasida parijliklarning eng mashhur va eng katta yoshli yangi a’zosiga aylandi. Biroq Xvicha kelgan paytda «PSJ» shunchalik yaxshi ediki, bu transferni mavsum o‘rtasida amalga oshirish unchalik zarur emasdek tuyuldi. Shunga qaramay, Kvaratsxeliyaning qo‘shilishi bilan parijliklar yanada xavfli, qiziqarli va ijodkor bo‘lib qoldi.

Uzoq vaqtdan beri birinchi marta «PSJ» rahbariyati murabbiyga to‘liq ishonch bildirdi va unga o‘z g‘oyalarini amalga oshirishga imkon berdi. Hozir parijliklar juda ishonchli ko‘rinishga ega. Ular top-5 ligalar ichida milliy chempionatda hali biror marta mag‘lub bo‘lmagan yagona jamoa bo‘lib qolmoqda. «PSJ» bir o‘yinchining jamoasi bo‘lishdan to‘xtadi. Endi bu shunchaki jamoa bo‘lib, unda har bir a’zo o‘z vazifasini biladi va uni sifatli bajaradi. Parijliklar bor kuchi bilan raqibni siquvga olmoqda, hujum qilmoqda va himoyalanmoqda. Dastlab, bu Enrikedan va Ispaniya terma jamoasida ko‘rilgan «vatokat» uslubiga o‘xshash edi, ammo qisqa vaqt ichida yoshlar tajriba orttirdi va yanada shiddatli hamda faol harakat qila boshladi.

Albatta, birinchi navbatda «PSJ»ning hujumi e’tiborni tortadi. Ayniqsa, Usman Dembele ajralib turadi. U 21 ta gol bilan Fransiya chempionatining eng yaxshi to‘p urari hisoblanadi. Fransiyalik futbolchi o‘z faoliyatidagi eng yaxshi mavsumni o‘tkazmoqda. U Liga 1ning so‘nggi 10 ta o‘yinida 16 ta gol urdi. Umuman olganda, Usman barcha musobaqalarda 30 ta gol kiritdi - bu avvalgi bir nechta mavsumda erishgan natijalaridan ko‘proq. Dembele 2025-yilning eng samarali futbolchisi hisoblanadi. U har bir o‘yinda o‘rtacha 1,1 gol urmoqda, bu Qatar xo‘jayinlari davrida «PSJ» futbolchilari orasidagi eng yaxshi ko‘rsatkichdir. Qarama-qarshi qanotda Barkola harakat qilmoqda. Yosh fransuz ham mavsumni yaxshi o‘tkazmoqda, u 18 gol urdi va 12 ta gol uzatmasini amalga oshirdi.

Gonsalu Ramush 13 ta gol urdi, garchi u asosiy tarkibdan ko‘ra ko‘proq zaxiradan maydonga tushayotgan bo‘lsa-da. Du ham o‘zini a’lo darajada ko‘rsatmoqda - 7 gol va 11 golli uzatma. Parijliklarning hujum chizig‘i shundoq ham juda kuchli ko‘rinardi, keyin esa Xvicha ham kelib qo‘shildi va u «PSJ»ning hujum qudratini yanada oshirdi. 2022/23-yilgi mavsumdan beri u to‘p bilan 169 ta yurish amalga oshirdi, bular xavfli vaziyat yaratish yoki darvozaga zarba berish bilan yakunlandi. Faqat Vinisiusda bu ko‘rsatkich undan yuqori. Birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan parijliklar Liga 1ning joriy mavsumida 73 ta gol urishga erishdi. Ular «Barselona» bilan bir qatorda Yevropaning eng sermahsul jamoalaridan biri bo‘lib, har bir o‘yinda o‘rtacha 2,8 gol urmoqda.

ФОТО: Getty Images


Ammo «PSJ» faqat hujum chizig‘ida kuchli emas. Parijliklarning yarim himoyasi ham juda mukammal. Joau Nevesh «Benfika»dan o‘tgach, yangi jamoaga tezda moslashdi, Fabian Ruis yana o‘z o‘yinini topdi, Vitinya esa umuman yuqori darajada o‘ynamoqda. U Yevropaning eng yaxshi o‘yin tashkilotchilaridan biri hisoblanadi. Portugaliyalik futbolchi 90 foizdan ortiq aniq uzatmalarni amalga oshiradi va maydonning hujum qismiga uzatmalar soni bo‘yicha Liga 1da yetakchilik qilmoqda (162 ta). U «PSJ»ning aksariyat o‘yinlarini nazorat qilishining asosiy sababchilaridan biri. O‘rtacha hisobda parijliklar o‘yin vaqtining 67,5 foizida to‘pni egallab turmoqda. Bu Yevropadagi barcha jamoalar orasida "Bavariya"dan (69%) keyingi ikkinchi eng yaxshi natija hisoblanadi.

Himoyada ham «PSJ»da hamma narsa joyida. Markinos mudofaa markazini boshqarmoqda, Nunu Mendesh va Ashraf Hakimi esa qanotlarda ajoyib o‘yin ko‘rsatmoqda. Marokashlik joriy mavsumda 73 ta xavfli vaziyat yaratdi, bu top-ligalardagi o‘yinchilar orasida beshinchi eng yaxshi ko‘rsatkichdir. Mendesh esa muhim o‘yinlarni g‘oyat kuchli o‘tkazadi. Masalan, «Liverpul»ga qarshi birinchi uchrashuvda u to‘p tortib olish va yutuqli kurashlar bo‘yicha ikkala jamoada ham eng yaxshi o‘yinchi bo‘ldi. Parijliklar safida darvozabon pozitsiyasida Janluiji Donnarumma o‘ynamoqda. Ba’zida italiyalik futbolchi muvaffaqiyatsiz o‘yinlar o‘tkazsa-da, «Liverpul»ga qarshi javob o‘yini shuni ko‘rsatdiki, unga mas’uliyatli vaziyatlarda ishonsa bo‘ladi.

Enrike o‘z prinsiplaridan voz kechmayapti. U hamon jamoasi uzoq vaqt to‘pga egalik qilishini va ko‘p pas uzatishini xohlaydi. Faqat endi bu gollarga aylanmoqda. Ehtimol, bir nechta jamoa o‘yinchilarining juda yaxshi formada ekanligi murabbiyning vazifasini yengillashtirmoqda. Biroq bu uning xizmati hisoblanadi. Parijliklar juda yuqori darajada hujum qilmoqda, himoyalanmoqda va raqibni siquvga olmoqda. Jamoaviy sa’y-harakatlar va uyg‘un harakatlar o‘z natijasini bermoqda. Fransiya chempionati tarixida atigi 4 marta kamida bitta jamoa mavsumning shu davrigacha mag‘lubiyatsiz kelgan. Shu bilan birga, hech kim Liga 1ni mag‘lubiyatsiz o‘tkazmagan. «PSJ»ning Fransiya futboli tarixida yanada mustahkamroq o‘rin egallash imkoniyati bor.

Diqqatga sazovor tomoni shundaki, «Liverpul» ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng parijliklar Chempionlar Ligasi sovrindori uchun asosiy da’vogarlardan biri sifatida qabul qilina boshlandi. Bu mantiqan to‘g‘ri, chunki ular guruh bosqichining eng kuchli jamoasini chiqarib yuborishdi, o‘zlari esa 15-o‘rinni egallashdi. Vaholanki, «PSJ» o‘yin tugashiga 3 tur qolganda faollashganida yuqoriroq o‘rinni egallashi ham mumkin edi. Ammo shunda ham parijliklar to‘pga egalik qilishning o‘rtacha foizi (59,44%) bo‘yicha CHLdagi barcha jamoalar orasida 5-o‘rinni egalladi va kutilgan gollar ko‘rsatkichi 14 ta haqiqiy gol bilan 16,37 ni tashkil etdi. Aytgancha, Enrike Chempionlar ligasida murabbiy sifatida debyut qilganidan buyon ushbu turnirda 63,2 foiz o‘yinlarda g‘alaba qozongan. Bu Karlo Anchelotti (63,5%) va Hans-Diter Flikdan (85,7%) keyin o‘sha davrdagi uchinchi ko‘rsatkichdir. Liga 1 bilan vaziyat allaqachon tushunarli. Ehtimol, CHLdagi g‘alabalar foizini oshirish vaqti kelgandir.

ФОТО: Getty Images
Bakradze Iman
Bakradze Iman
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting