locale OZ

«Barselona» tarixidagi eng qimmat 10 transfer

Neymarning "PSJ"ga rekord darajadagi sotuvindan so‘ng klub bir nechta yulduzlarni juda katta mablag‘ evaziga xarid qildi.
Maqolalar
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
"Barselona" tarixidagi eng qimmat 10 transfer
ФОТО: Getty images

Kataloniyaning "Barselona" klubi futbol tarixida eng ko‘p mablag‘ sarflagan jamoalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, Neymarning "PSJ"ga rekord darajadagi sotuvindan so‘ng klub bir nechta yulduzlarni juda katta mablag‘ evaziga xarid qildi. Biroq bu transferlarning barchasi ham o‘zini oqlamadi. Quyida "ko‘k-anorranglilar" tarixidagi eng qimmat 10 transfer haqida batafsil ma’lumot keltiramiz.

1. Filippe Koutinyo
Transfer yili: 2018
Qaysi klubdan: "Liverpul"
Transfer narxi: 135 mln yevro

Neymar ketganidan so‘ng "Barselona" uning o‘rnini to‘ldirish uchun katta mablag‘ sarfladi va Koutinyoni klub tarixidagi eng qimmat futbolchiga aylantirdi. Braziliyalik dastlab yaxshi o‘yinlar ko‘rsatgan bo‘lsa-da, keyinchalik barqarorlikni yo‘qotdi. U hatto ijarada "Bavariya"ga o‘tib, Chempionlar ligasida aynan "Barselona" darvozasiga ikki gol urgandi. Keyinchalik "Aston Villa"ga sotildi. Bu transfer klub tarixidagi eng omadsiz xaridlardan biri sifatida baholanadi.

2. Usmon Dembele
Yili: 2017
Klubi: "Borussiya D"
Narxi: 135 mln yevro
Neymarning ketishidan so‘ng olib kelingan yana bir yulduz. Dembele juda iqtidorli futbolchi bo‘lganiga qaramay, doimiy jarohatlar uning to‘liq ochilishiga to‘sqinlik qildi. Shunga qaramay, u bir nechta Ispaniya chempionligi va boshqa sovrinlarni qo‘lga kiritishda ishtirok etdi. Keyinchalik erkin agent sifatida "PSJ"ga o‘tdi.

3. Antuan Grizmann
Yili: 2019
Klubi: "Atletiko"
Narxi: 120 mln yevro

Grizmann katta umidlar bilan olib kelingan edi. Biroq u Lionel Messi va Luis Suares bilan birga o‘zining eng yaxshi o‘yinini namoyish eta olmadi. Fransiyalik hujumchi ikki mavsumdan so‘ng yana "Atletiko"ga qaytdi va bu transfer ham kutilgan natijani bermadi.

4. Neymar
Yili: 2013
Klubi: "Santos"
Narxi: taxminan 88 mln yevro

Bu transfer atrofida ko‘plab moliyaviy bahslar bo‘lgan. Ammo maydonda Neymar o‘zini to‘liq oqladi.

U Messi va Suares bilan birga mashhur MSN hujum uchligini tashkil qildi, Chempionlar ligasi va ko‘plab sovrinlarni yutdi. Keyinchalik PSJ uni 222 mln yevro evaziga sotib oldi va bu hozirgacha futbol tarixidagi eng qimmat transfer hisoblanadi.

5. Frenki de Yong
Yili: 2019
Klubi: "Ayaks"
Narxi: 86 mln yevro

Niderlandiyalik yarim himoyachi Yevropaning eng iqtidorli futbolchilaridan biri sifatida kelgan. U turli murabbiylar qo‘l ostida o‘ynadi va vaqt o‘tishi bilan jamoaning asosiy futbolchilaridan biriga aylandi. Ushbu ro‘yxatdagi eng muvaffaqiyatli transferlardan biri sifatida baholanadi.

6. Luis Suares
Yili: 2014
Klubi: "Liverpul"
Narxi: 81,7 mln yevro

Urugvaylik hujumchi "Barselona" tarixidagi eng yaxshi transferlardan biri bo‘ldi. U 198 ta gol urib, klub bilan Chempionlar ligasi, La Liga va bir qator boshqa sovrinlarni qo‘lga kiritdi. MSN uchligining muhim qismi sifatida tarixda qoldi.

7. Entoni Gordon
Yili
: 2026
Klubi: "Nyukasl"
Narxi: 80 million yevro

Kataloniya klubi ingliz vinger transferi uchun bonuslar bilan birga 80 million yevro sarfladi. Agar Gordon "Barsa" bilan sovrin yutadigan bo‘lsa, "Nyukasl" yana qo‘shimcha 5 million yevro bonusga ega bo‘lishi shartnomada ko‘rsatilgan. Shu tariqa, uning kelishuvi kuchli 7 likdan joy oldi.

8. Miralem Pyanich
Yili: 2020
Klubi: "Yuventus"
Narxi: 60 mln yevro

Pyanichning transferi asosan moliyaviy hisob-kitoblar bilan bog‘liq bo‘lgan kelishuv sifatida baholanadi.

U "Barselona"da asosiy tarkibdan joy ola olmadi va qisqa vaqt ichida boshqa klublarga ijaraga berildi.

9. Rafinya
Yili: 2022
Klubi: "Lids"
Narxi: 58 mln yevro

Dastlabki ikki mavsumda notekis o‘yin ko‘rsatgan bo‘lsa-da, keyinchalik jamoaning yetakchilaridan biriga aylandi. Ayniqsa, Hansi Flik boshchiligida u yuqori saviyadagi futbol namoyish qilib, Yevropaning eng samarali qanot hujumchilaridan biri bo‘ldi.

10. Ferran Torres
Yili: 2022
Klubi: "Manchester Siti"
Narxi: 55 mln yevro

Ferran Torres Xavi davridagi birinchi yirik xarid bo‘ldi.
U turli pozitsiyalarda harakat qila oladigan universal futbolchi sifatida jamoaga katta foyda keltirdi va muhim gollari bilan bir nechta uchrashuvlarda natijani hal qildi.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting