locale OZ

Ulug'bek Rashitov nega ikki yilga diskvalifikatsiya qilindi?

Ikki karra olimpiya chempioni o'z joylashuvi haqida ma'lumot bermaslik orqali antidoping qoidalarini buzgan
Boshqa sport turlari
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Rasm: Gazeta.uz

O‘zbekistonlik taekvondochi Ulug‘bek Rashitov nega musobaqalardan chetlatilgani haqida bayonot berdi. O‘zbekiston Antidoping agentligi ham ushbu masala yuzasidan rasmiy ma’lumot taqdim etdi.

Avvalroq ikki karra olimpiya chempioni Rashitovning ikki yilga diskvalifikatsiya qilingani haqida xabar berilgan edi. Bu qarorning sababi sifatida uning so‘nggi bir yil ichida uch marta o‘z joylashuvi haqida noto‘liq yoki vaqtida ma’lumot taqdim etmagani ko‘rsatildi. Bu esa Jahon antidoping kodeksiga zid hisoblanadi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, Kodeksning 2.4-bandiga asosan, agar sportchi bir yil ichida uch marta ADAMS tizimida to‘liq manzilni ko‘rsatmasa (uy raqami, xona, pod'ezd kodi, qo‘shimcha telefon raqami kabi) yoki ma’lumotni kechiktirib yangilasa, bu antidoping qoidabuzarligi sifatida baholanadi.

«Rashitov bilan bog‘liq holatda, xalqaro doping nazoratchilari uni ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha topa olmagan. Chunki u uy manzilini to‘liq kiritmagan. Uchinchi marta esa manzilni o‘z vaqtida yangilamagan. Shu bois, bu uch holat bir yil ichida sodir bo‘lgani uchun ITA tomonidan ikki yilga diskvalifikatsiya qilindi», — deyiladi agentlik xabarida.

Shu bilan birga, Ulug‘bek Rashitov 2025 yil fevralgacha qo‘lga kiritgan natijalarini saqlab qoladi. Biroq 25 fevraldan 13 maygacha bo‘lgan vaqtda erishgan barcha yutuq va sovrinlar bekor qilindi.

O‘z navbatida, Ulug‘bek Rashitov ham ushbu vaziyat yuzasidan munosabat bildirdi:

«Meni taqiqlangan modda bilan ushlashmagan. Masala joylashuv bo‘yicha bo‘lgan. Noyabrda soat 6:00 da mening manzilimga kelishdi (doping nazorati uchun — tahr.). Vaholanki, ADAMS tizimida soat 21:00 deb ko‘rsatilgan edi. Ya'ni, men soat 6:00 da birov kelishini kutmaganman. Menga hatto qo‘ng‘iroq ham qilishmagan, faqat SMS yuborishgan», — dedi Rashitov.

Bakradze Iman
Bakradze Iman
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting